Shavkat Mirziyoyev “Human” agentligidan jabrlangan mingdan ortiq fuqaroning pullarini davlat hisobidan qaytarish haqida koʻrsatma berdi

22:14 17 Fevral 2020 Jamiyat
266 0

Фото: Музаффар Абдуллаев

Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabrlangan fuqarolar bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuv tashkil etilishini talab qilib, 17-fevral, dushanba kuni, Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga toʻplandi. “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovning xabar berishicha, jabrlanuvchilar bandlik agentligi tomonidan ularga yetkazilgan zararni tezroq qoplab berilishini talab qilgan.

Agentlik rahbari Shohnur Fayzullayev va boshqalar yuzlab fuqarolardan Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Bolgariya va Litvaga ishga joʻnatishni vaʼda qilib, ularning har biridan (taklif etilgan ishdan kelib chiqqan holda) 6,3 million soʻmdan 35 million soʻmgacha pul olgan, biroq amalda ularni hech qayerga yubormay, juda koʻp miqdordagi mablagʻni oʻzlashtirgan.

Agentlik rahbarlari xuddi shu ayblov bilan sudga tortilgan, xususan, 27-yanvarda Human xususiy bandlik agentligining rahbari Shohnur Fayzullayev 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Sud 1 080 nafardan ortiq jabrlanuvchi foydasiga 21,19 milliard soʻmdan ziyod miqdordagi moddiy zararni Shohnur Fayzullayev hisobidan undirishni belgilagan edi.

17-fevral kuni Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga toʻplangan fuqarolar tergov va sudning yakunini kuta olmasligi, ishsiz qolgani, ayrimlarining uyda bolalari och oʻtirganini taʼkidlagan. Ular davlat tomonidan litsenziya berilganiga ishonib, xususiy agentlikka pul topshirgani, shu bois, endi davlat zararni qoplashda yordam koʻrsatishi kerakligini aytgan.

Kunning birinchi yarmida eʼtiroz bilan kelgan fuqarolar bilan bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov uchrashgan. U fuqarolarni xotirjamlikka chaqirib, barcha ziddiyatli masalalarga qonuniy baho berilishi, ishni tartib bilan koʻrib chiqishni tavsiya qilgan. Shuningdek, u soat 17:00 da qoʻshimcha uchrashuv oʻtkazilishini maʼlum qildi.

Soat 17:00 dagi uchrashuvda Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr koʻrgan fuqarolar bilan Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov uchrashdi va savollarga javob qaytardi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov. Bosh vazir yuzaga kelgan holat yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga axborot berilganini maʼlum qildi.

Shundan soʻng bosh vazirning taʼkidlashicha, Prezident 1086 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasidan qoplab berishga koʻrsatma bergan.

Maʼlum boʻlishicha, jamgʻarma hisobidan ajratilgan pullar fuqarolardan firibgarlik yoʻli bilan olingan mablagʻlar hisobidan undirib olinadi. Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr koʻrgan fuqarolar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 71 200 00 61 ishonch telefoni orqali qoʻshimcha maʼlumot olishlari mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?