Shavkat Mirziyoyev Hindiston tashqi ishlar vazirini qabul qildi

09:03 06 Avgust 2018 Siyosat
449 0

Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj xonimni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan ta’kidladi.

2018 yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar va uning yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi.

Suhbatda ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi.

Farmatsevtika va tibbiyot, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidentining Hindistonga bo‘lajak davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalariga asoslangan munosabatlarda yangi davrni boshlashga, ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, tomonlarni qiziqtiruvchi xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj samimiy qabul uchun O‘zbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirib, Hindiston prezidenti Ram Natx Kovind va bosh vaziri Narendra Modining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Hindiston hukumati O‘zbekistonni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.

Hindiston O‘zbekistonning mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash borasidagi tashabbuslarini yuqori baholashi va qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.

Sushma Svaraj Hindistonning O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishi qat’iy ekanini ta’kidladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?