Shavkat Mirziyoyev Frank-Valter Shtaynmayerni Oʻzbekistonga taklif qildi

18:02 21 Yanvar 2019 Siyosat
436 0

Belvyu saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Prezident Frank-Valter Shtaynmayerning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaatli sohalardagi aloqalarni ikki va koʻp tomonlama asosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar bundan buyon ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashda davom etajagini bildirdi.

Prezidentlar Germaniya tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasi asosida munosabatlarni mustahkamlash muhimligini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo + Germaniya” formatida muloqotlarni yoʻlga qoʻyish taklifini ilgari surdi.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti tubdan modernizatsiya qilinayotgan hozirgi jarayonda Germaniyaning ilgʻor tajribasi va texnologiyalarini jalb etish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar ham muhokama qilindi. Maktab taʼlimida samarali nemis texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, “Maktablar: kelajak sheriklari” (PASCH) tashabbusini amalga oshirish, Oʻzbekistonda Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini ochish, ikki xalq oʻrtasida madaniy aloqalarni kengaytirish istiqbollari eʼtibor markazida boʻldi.

Uchrashuv soʻngida Shavkat Mirziyoyev Frank-Valter Shtaynmayerni Oʻzbekistonga javob tashrifi bilan borishga taklif etdi. Federal Prezident mamlakatimizga shu yil may oyida borishga tayyor ekanini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?