Shavkat Mirziyoyev Forishdagi Buyuk Britaniya qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi

18:39 30 Yanvar 2019 Siyosat
777 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Forish tumanidagi “Mega Invest Industrial” qoʻshma korxonasi bilan tanishdi.

2017 yil dekabrda faoliyat boshlagan korxonada bazalt toshi qayta ishlanib, bazalt tolasi va armaturasi ishlab chiqariladi. Ayni paytda loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichlari ishga tushirilgan. Buning uchun Buyuk Britaniyaning “Leigh Borrier” kompaniyasining 11 million dollar investitsiyasi hamda Oʻzbekiston milliy bankining 26 million dollar kredit mablagʻi yoʻnaltirilgan. Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Turkiya kabi davlatlardan nou-xau texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan. 225 kishining bandligi taʼminlangan.

2018 yilda bu yerda ming tonna bazalt armaturasi va setkalar ishlab chiqarildi. Yaqin vaqtlarda uchinchi bosqichni ham ishga tushirish moʻljallangan. Korxona toʻliq quvvat bilan ishlagach bir yilda 4 ming tonna bazalt tolasi va 4 ming 800 tonna armatura tayyorlanadi.

Bazalt armaturasining afzalligi shundaki, u metall armaturasidan 8 barobar yengil, 3 barobar mustahkam, 30 foiz arzon. Qolaversa, zanglamaydi, elektr tokini oʻtkazmaydi, 100 yilgacha oʻz xususiyatini yoʻqotmaydi. Mazkur korxona Oʻrta Osiyoda yagonaligi, MDH davlatlarida ikkinchi ekanligi bilan ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi. Faoliyatni yanada kengaytirib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotlar tannarxini kamaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?