Shavkat Mirziyoyev: Yerga mehr bergan inson boy boʻlishi kerak

14:26 17 Oktyabr 2019 Siyosat
499 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi “Angor Surxon gʻururi” paxta-toʻqimachilik klasteri dalasida paxta hosilini koʻzdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari bu haqda 2018-yil yanvarda viloyatga safari chogʻida koʻrsatmalar bergan edi. Shu asosida Surxondaryoda 6 ta toʻqimachilik klasteri tashkil etildi. Ular jami paxta maydonining 67 foizdan ziyodini qamrab olgan. 2020-yilda bu koʻrsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Klaster tizimi sohaga zamonaviy texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy qilishda muhim omil boʻlmoqda. “Angor Surxon gʻururi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham yangi ish uslubi asosida hosildorlik va mahsulotlarning raqobatbardoshligi oshirilmoqda. Klasterning jami maydoni 9 ming 180 gektar boʻlib, shundan 8 ming 100 gektaridan koʻprogʻiga ekin ekiladi. Jumaladan, bu yil qariyb 5 ming gektar yerda ingichka tolali paxta yetishtirilgan.

Yurtimiz olimlari tomonidan yaratilgan “Surxon-14”, “Surxon-16” navlari ikki yil mobaynida tajribadan oʻtkazildi. Ingichka tolali bu nav ekstremal ob-havo sharoitlariga, suvsizlik, garmsel va zararkunda hasharotlarga chidamliligi, ertapisharligi bilan ahamiyatli. Tolasining uzunligi, pishiqligi, tekstilbopligi jahon bozorida xaridorgir hisoblanadi. Boshqa navlar bilan mehnat va resurs sarfi bir xil boʻlgani holda ingichka tolaning iqtisodiy samaradorligi 60 foiz koʻp boʻladi.

- Biz yerimizga, sarflanayotgan xarajatga nisbatan kam hosil olyapmiz. Nav bilan, ilmiy agrotexnika bilan shugʻullanmay qoʻygandik. Mehnat unumdorligi, manfaatdorlik past edi. Aslida yerga mehr bergan inson boy boʻlishi kerak. Bizning maqsadimiz shu. Ilm boʻlmasa, rivojlanish boʻlmaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim omil - bu yil zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish uchun davlat byudjetidan 120 milliard ajratilgan edi. Jumladan, Surxondaryo viloyatida bu ishlarga 13 milliard soʻm yoʻnaltirildi.

Shu yerda boʻlgan muloqot chogʻida fermer va mutaxassislar bu choralar yaxshi natija berganini, moʻl hosil saqlab qolinganini bildirishdi.

Prezident ingichka tolali gʻoʻza navlarini koʻpaytirish va ekin maydonlarini kengaytirish, olimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Klasterlar faoliyatini rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida aytib oʻtildi.

- Endi hamma klasterlar chorvachilik komplekslari tashkil qiladi. Chunki ularda ozuqa bazasi bor. Chorvachilik rivojlansa, goʻsht, sut arzon boʻladi. Bu xalqimiz farovonligi, bolalarimiz salomatligi uchun muhim, - dedi davlatimiz rahbari.

Bugungi kunda klasterda 900 dan ziyod ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda. Kelgusida qayta ishlashni kengaytirish orqali yanada koʻp ish oʻrni ochish rejalashtirilgan.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?