Shavkat Mirziyoyev: “Biz Alisher Usmonovdek vatandoshlarimiz bilan gʻururlanishimiz kerak”

23:35 04 Mart 2019 Siyosat
596 0

Arxiv foto

Rossiyalik milliarder, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 50 million AQSH dollari xayriya qildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu haqda Namanganda boʻlib oʻtgan faollar yigʻilishida maʼlum qilgani haqida avvalroq xabar berilgan edi. Kuni kecha esa “Oʻzbekiston 24” telekanali orqali bu haqda lavha efirga uzatildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari boʻyicha Alisher Usmonov menga bir taklif qildilarki, “Agar siz ruxsat bersangiz, oʻrtoq Prezident, men shu 50 million dollarni “Obod qishloq” boʻyicha Namangan viloyatiga bersam, siz shuni qanday qabul qilasiz?”. Men aytdimki, “Bu pullarni har bir tumanga 20 — 25 milliard soʻmdan biz tarqatmoqchimiz”. Bu pullar, ochigʻini aytsam, Toshkentga tushdi. Bu vaʼda emas, naqd pulni yubordi”, deb aytib oʻtgan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident noyob loyiha sifatida Namangan shahrida Alisher Usmonov nomi bilan ataluvchi xalqaro biznes markazi va zamonaviy biznes maktabi ochishni taklif etgan.

“Biz bunday vatandoshlarimiz bilan gʻururlanishimiz kerak. Tadbirkorlik deyapmiz. Hamma ham tadbirkor boʻlavermaydi. Oʻqitish kerak, sir-asrorini oʻrgatish kerak. Namanganda tugʻilib, dunyoga taniqli tadbirkor boʻlish — bu Namangan havosi, Namangan suvi, Namangan xalqining katta ehtiromi va mehnatining natijasi boʻlsa kerak. Namangan yoshlarini tarbiya qilsangiz, Namangan xalqiga butun umr zamin va esdalik boʻladi”, deya taʼkidlagan Oʻzbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Nanay qishlogʻida ham sanatoriy-sogʻlomlashtirish majmuasini qurish boʻyicha qaror qabul qilinganini bildirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?