“Shavkat Mirziyoyev beqiyos yetakchi sifatida nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda katta obroʻ-eʼtibor qozondi”

12:43 26 Oktyabr 2018 Siyosat
1170 0

Toshkentda tashki etilgan AQSH biznes haftaligi, uning doirasidagi tadbirlar ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishda muhim oʻrin tutadi. Mazkur haftalikka Amerika ommaviy axborot vositalari ham alohida eʼtibor qaratdi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston iqtisodiyotiga sarmoyalar yoʻnaltirish va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish niyatida. “The Nation” jurnali shu haqda soʻz yuritar ekan, xususan, Amerika kapitali miqdorini 5 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilganiga eʼtibor qaratadi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, ayniqsa, biznes yuritish yoʻlidagi toʻsiq va cheklovlarning bartaraf etilishi rasmiy Vashington tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanayotir. “Ushbu oʻzgarishlar bizda katta qiziqish uygʻotyapti. Biz islohotlar jarayonida ishtirok etishdan mamnunmiz”, deya nashr Amerika ishbilarmon doiralarining fikrini keltiradi.

“Washington Technology” jurnalida qayd etilganidek, 2018 yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev AQSHga rasmiy tashrif buyurib, Prezident Donald Tramp bilan uchrashdi. Amerika rahbariyati Oʻzbekiston yetakchisining saʼy-harakatlarini yuqori baholab, ichki va tashqi siyosatdagi oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Iqtisodiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida urgʻu berildi. Jumladan, “Boeing”, “General Electric”, “Honeywell”, “Caterpillar” kabi dunyo sanoati gigantlari oʻzbek iqtisodiyotiga kirib kemoqda.

Oʻzbekiston rahbarining jadal diplomatik muloqotlari natijasida AQSH tez surʼatda respublikaning yirik investoriga aylanib borayotir.

Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyatni hal qilishda asosiy oʻrin tutadi, deydi “The Jamestown Foundation” tahliliy markazi ekspertlari. Zero, afgʻon mojarosining barcha tomonlari — rasmiy Kobul, “Tolibon” harakatining tinchlik yoʻlidagi muzokaralarida rasmiy Toshkent muhim koʻprik vazifasini oʻtayapti. Bundan tashqari, Oʻzbekiston qoʻshni davlatda qator yirik loyihalarni amalga oshirdi, xususan, temir yoʻl tarmogʻini bunyod etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beqiyos yetakchi sifatida nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda katta obroʻ-eʼtibor qozondi. Qisqa muddat ichida u AQSH, Xitoy, Fransiya, Hindiston kabi davlatlarga tashrif buyurib, barchani tashabbuskorligi bilan hayratda qoldirdi. Natijada Oʻzbekistonni bugun Vashington ham, Pekin ham, Parij ham, Nyu-Dehli ham toʻla qoʻllab-quvvatlamoqda. Xitoyda 20, Fransiyada besh, AQSHda 4,8 milliard dollarlik shartnomalar imzolab, respublika ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.

O. LUTFULLAYEV,(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?