Shavkat Mirziyoyev 575 nafar mahkumni afv etdi

17:26 03 Iyun 2019 Jamiyat
588 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 575 nafar fuqaro afv etildi. Ularning 361 nafari jazodan toʻliq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bagʻriga qaytariladi, shuningdek, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartiriladi. Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini ayollar, 1 nafarini chet el fuqarosi tashkil etadi.

Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashish yuzasidan masʼul vazirliklar, idoralar va hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?