Shavkat Mirziyoyevning 2019 yilda Shveysariyaga borishi rejalashtirilmoqda

11:49 20 Noyabr 2018 Siyosat
1243 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda Shveysariyaga tashrif buyurishi koʻzda tutilgan. 19 noyabr kuni Bern shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Shveysariya siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundida mazkur masala muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov, Shveysariya Konfederatsiyasi delegatsiyasiga Federal tashqi ishlar departamenti davlat kotibi oʻrinbosari Kristina Marti Lang boshchilik qildi.

Tashqi ishlar vazirligi axborotiga koʻra, muzokaralarda siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik holati va uni faollashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yilda Shveysariyaga tashrifini tashkillashtirish va uni muvaffaqiyatli oʻtkazishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

Suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliya sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzaro savdoda tovar va xizmatlar turlarini kengaytirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ikki davlat biznes vakillarini hamkorlikka keng jalb etishga tomonlar tayyor ekanligi taʼkidlandi. Shu oʻrinda kelgusi yilning birinchi yarmida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 8-majlisini oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro muammolarning muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Shu kunning oʻzida Shveysariya Federal majlisi Milliy kengashining (parlament) xalqaro parlamentlararo aloqalar xizmati rahbari Klaudiyo Fisher, Federal moliya departamenti Davlat kotibi Yorg Gasser va Shveysariya tashqi siyosat idorasining suv masalalari boʻyicha yangi tayinlangan Maxsus Elchisi Gay Bonvin bilan muzokaralar oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?