Sharqona mehmondoʻstlik taomili

17:29 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
139 0

Xorijliklarga mamlakatimizda boʻlish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish boʻyicha samarali choralar qabul qilinmoqda.

Barchamiz “sharqona mehmondoʻstlik taomiliga koʻra” degan qanotli iborani yaxshi bilamiz. Qadim-qadimdan barcha Sharq xalqlarida boʻlgani kabi oʻzbek millatida ham mehmondoʻstlik muhim hayotiy qadriyat hisoblanadi.

Moziyda sayyoh uzoq safarga chiqib, oʻz uyidan yuzlab chaqirim uzoqlashib ketsa, adashib qolishdan qoʻrqmagan. Muhimi, yoʻlda biror qoʻnalgʻa uchrasa kifoya. Mezbon borki, qabul qilardi, dildan qarshi olardi. Oʻsha paytlari xonadon sohiblarida boshqacha qarashning oʻzi yoʻq edi. Zero, keyingi musofir uning yaqinlaridan biri ham boʻlishi mumkin edi. Shunday ekan, “Mehmondoʻstlik — mardlikdan ham ustun” degan maqol oʻsha paytdan merosdir. Sharqda mehmonni qabul qilmaslik yoki uni munosib kutib olmaslik oila va sulola uchun sharmandalik sanalgan.

Bugun Oʻzbekistonda mehmon­doʻstlik, turizm sohasini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo — Oʻzbekiston tashqi siyosatining ­asosiy ustuvor yoʻnalishi” tamoyili boʻyicha yaqin qoʻshnilar bilan aloqalar kuchaydi. Buning sharofati tufayli mintaqada yangi siyosiy muhit yaratildi, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan hamkorlik mus­tahkamlanyapti.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashkil etildi. Mamlakat sayyohlik salohiyatini tubdan oshirish uning ­asosiy ­vazifasidir. “Turizm toʻgʻrisida”gi Qonun, shuningdek, Prezident va hukumatning tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan 12 ta normativ-huquqiy hujjati qabul qilindi. Viza rejimi soddalashtirildi. Qoʻshimcha tarzda yana 47 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim tatbiq etildi. 2020-yil 1-yanvardan boshlab esa respublikaga vizasiz kiruvchi mamlakatlar soni 86 ta boʻladi.

2019-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, mamlakatda turistik kompaniyalar soni 1343 taga, mehmonlarni joylashtirish inshootlari, jumladan, mehmonxona va xostellar 1102 taga yetdi.

Viza rejimini liberal­lashtirish, xorij fuqarolarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish, sayyohlik jab­hasi ravnaqi uchun imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish ham ichki, ham tashqi bozorda milliy turizm salohiyatini samarali ilgari surish uchun sharoit yaratdi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida 2019-yilning birinchi yarmida diyorimizga kel­gan sayyohlar oqimi uch million nafarni tashkil qildi.

Binobarin, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxs­larning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun javobgarligi bilan bogʻliq masala kun tartibiga chiqdi. Taʼkidlash joiz, yurtimizda boshqa davlatlardan farqli ravishda mamlakatda boʻlish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Jumladan, uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda ­tutilgan. Oxirgi uch yilda bu borada 76 ta jinoyat ishi koʻrilgan.

Bundan tashqari, qonunchilikda pasport tizimi va Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganligi uchun maʼmuriy javobgarlik ham belgilangan. 2016 — 2018-yillarda shu boʻyicha 18 026 kishi maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, ulardan 11 997 nafari xorij fuqarosidir.

Davlat rahbari tomonidan sayyohlik va mehmondoʻstlik sohasini takomillashtirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida qonun loyihasi tayyorlandi. Unda Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberal­lashtirish koʻzda tutilgan.

Deputatlar uni tayyorlashda huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilib, aynan shu jihatga alohida ahamiyat qaratishdi. Xususan, pasport tizimi qoidalarini buzganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solinsa, chet el fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi ­fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Bu, oʻz oʻrnida, tenglik va insonparvarlik tamoyillari buzilishiga olib kelyapti.

Qonun loyihasini tayyorlashda jamoatchilik, turkompaniyalar va boshqa tashkilotlar fikr-­mulohazalari inobatga olindi. Ular, oʻz navbatida, mamlakatimizda boʻlish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish boʻyicha qonun ­chiqaruvchilar ­intilishlarini qoʻllab-quvvatlashdi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekis­ton Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasini chiqarib tashlash boʻyicha qaror qabul qilindi. Shunday qilib, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni ushbu qoidani buzganliklari uchun javobgarlikka tortmaslik nazarda ­tutilgan.

Jarimalar miqdorlarini sezilarli ravishda kamaytirish evaziga maʼmuriy jazo chora-tadbirlari ham jiddiy takomillashtirildi. Chunonchi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik va adolat tamo­yillarini taʼminlash maqsadida chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik masalasi differensiatsiya qilindi, yaʼni mamlakatda noqonuniy boʻlish muddatlari boʻyicha malakalandi.

Chet el fuqarolari va ­fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni respublika hududidan tashqariga chiqarib yuborish masalasi boʻyicha javobgarlik ham liberallashtirildi. Endilikda mamlakatda boʻlish qoidalarini birinchi marta buzgani uchun huquqbuzarning mamlakatimizga kirish huquqi bir yilga, ushbu qoidabuzarlik takrorlansa, uch yilgacha cheklanadi.

Deputatlarning fikricha, inson huquqlarini sud tomonidan himoya qilish maqsadida chet el fuqarolari va ­fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborish koʻrinishidagi maʼmuriy jazo maʼmuriy sudlar tomonidan amalga oshirilishi kerak. Jarima solish boʻyicha vakolat esa ichki ishlar organlariga berildi.

Yana bir kiritilgan normaga muvofiq, oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan chet el fuqarosi va ­fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzganlik uchun ­maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.

Shular asnosida siyosiy partiyalar fraksiyalari va Oʻzbekiston ekoharakat deputatlar guruhi fikrlari inobatga olindi. Ularda qonun loyihasi bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Mazkur hujjat Qonunchilik palatasida qabul qilindi va kelgusida maʼqullanish uchun Oliy Majlis ­Senatiga yuborildi.

Oʻylashimcha, mamlakatimizda barcha soha qatori turizm sektorida ham keng koʻlamli islohotlar olib borilayotgan bugungi kunda ushbu qonunning qabul qilinishi va omma eʼtiboriga havola etilishi mamlakatimizga keladigan sayyohlar soni, respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar kirib kelishini keskin oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zotan, mehmondoʻstlik — bu, birinchi navbatda, ezgulik va oʻzaro hurmat deganidir. Oʻzbekiston xalqi aynan mana shunday sharqona hayotning bebaho urf-odatlari bilan shuhrat qozonib kelgan.

Shuhrat MAMAJONOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati , OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?