Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazi foydalanishga topshirildi

14:24 30 Aprel 2018 Jamiyat
1240 0
Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Farg‘ona shahri Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan oldingi “Nurxon” kinoteatri Farg‘ona viloyat harbiy-ma’muriy sektor ko‘magi bilan qayta ta’mirdan chiqarilib, okrug Ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylantirildi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda fuqarolarning madaniy dam olishi uchun markazda 650 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy konsert zali, shuningdek, shaxmat, shashka, chet tillari, kompyuter texnologiyalarini o‘rganish, chevarchilik, pazandachilik kabi o‘quv kurslari xizmat ko‘rsatadi. Yuqori tezlikdagi Internet global tarmog‘iga ulangan axborot resurs markazi foydalanuvchilarning axborot olishi va ma’lumot almashinuviga hamda milliy va jahon adabiyoti durdona asarlarini elektron shaklda mutolaa qilishiga imkoniyat yaratadi.

Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Markazda tashkil etilgan o‘quv kurslariga harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun 50 foizli to‘lov chegirmalari beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazi foydalanishga topshirilgani bois, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan Farg‘ona garnizoni ofitserlar uyi faoliyati to‘xtatildi.

Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati tomonidan “Xalq so‘zi online”ga ma’lum qilinishicha, markazning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Lutfulla Buzrukov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida ilgari faqat bitta vazirlik Ma’naviyat va ma’rifat markazi mavjud edi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?