Shargʻundagi hasharchilarga osh damlab berildi

09:35 23 Avgust 2019 Jamiyat
143 0

Bugun shaharlarimizda zamonaviy binolar, yangilanishlar, oʻziga hos arxitektura namunalari aks etgan inshootlar bunyod boʻlmoqda. Aslida har zamonda ham shaharlar rivoji muhim ahamiyatga ega. Ammo respublikamizning eng chekka hududlari, sharoiti ogʻir, turmush darajasi mashaqqatli boʻlgan joylarni yuksaltirish, insonlarga munosib hayot darajasini yaratish masalasi dolzarb mavzudir. Prezidentimizning “Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak” deya aytgan soʻzlari zamirida ham shu ulkan haqiqat mujassam. Insonlar hayotini farovon qilish maqsadida Qoraqalpogʻistonning Moʻynogʻida, Jizzaxning Manasida ulkan, tarixiy bunyodkorliklar qilindi. Bugun bu maskanlarda yashayotgan insonlar qalbida umid va baxt mujassam. Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Sariosiyo tumani Shargʻun shaharchasini obod va koʻrkam goʻshaga aylantirish, shaharchada toʻrtta besh qavatli jami 120 xonadonli yangi uylar qurish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Surxon vohasi respublikaning eng chekka viloyati sifatida rivojlanish va eʼtiborga munosibdir. Voha kengliklari boʻylab insonlar, ularning buguni bilan tanishar ekanmiz, bagʻrikeng, samimiy, mard va tanti, eng asosiysi, har qanday turmush sharoitni yenib yashayotgan insonlarga munosib hayot tarzi, farzandlarining ertasi uchun sharoit kerakligini anglaysan kishi. Shu maʼnoda olis Sariosiyoning Shargʻun shaharchasida zamonaviy arxitektura qiyofasi yaratilmoqda. Shargʻunda yangi uy-joylar barpo etish, mavjudlarini taʼmirlash, bugungi taraqqiyot darajasiga monand ijtimoiy soha obyektlari, yoʻllar va piyodalar yoʻlaklari, aholiga xizmat koʻrsatish va dam olish maskanlari tarmoqlarini yuzaga keltirish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash bilan bogʻliq katta hajmdagi qurilish-taʼmirlash ishlari ayni kunlarda avjida. Fidoyi yurtdoshlarimiz viloyatning turli tumanlaridan Shargʻunga kelib beminnat hasharchi boʻlib qurilish ishlarida faol ishtirok etishmoqda. Hashar, qurilish, obodonlashtirish boʻlayotgan joyda mehnat qilayotganlarga “Hormanglar!” deyish oʻzbekning oʻziga xos fazilatlaridan biridir. Shunday azaliy qadriyatni bugunga koʻchira olgan Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillari Shargʻun shaharchasida mehnat qilayotgan yurdoshlarimiz huzuriga kelib, ular holidan xabar olishdi. Qurilish shtabida, ayni tushlik paytida boʻlib oʻtgan samimiy davra suhbatida mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan islohotlar, mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning naqadar hayotiy va samarali ekani haqida fikrlar yuritildi.Federatsiya tomonidan 650 nafar hasharchilar uchun osh tayyorlandi. Muxtasar aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan Shargʻun koʻrkam va zamonaviy shaharchaga aylantirilmoqda. Demak, tez fursatlarda shaharchaning koʻrinishi tamomila oʻzgaradi. Eng muhimi, shaharcha aholisining hayotida yangi oʻzgarishlar, sharoit va imkoniyatlar yaratiladi.

Gulnoza Sharafova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?