Shanxayda “Oʻzbekiston madaniyat kunlari” boʻlib oʻtadi

16:23 04 Noyabr 2019 Jamiyat
256 0

Poytaxtimizda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Anjuman doirasida Oʻzbekiston Madaniyat vaziri B.Sayfullayev Shanxay Hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Vladimir Norov bilan uchrashdi.

Muloqot mobaynida SHHT bosh kotibi V.Norov tashkilotning madaniy aloqalarni keng rivojlantirish boʻyicha olib borayotgan islohotlari haqida soʻz yuritdi. Shuningdek, uchrashuvda tashkilot tomonidan uch yil ichida Xitoy, Qozogʻiston, Belarus va boshqa koʻplab mamlakatlarning madaniyat kunlari, Chingiz Aytmatovning 90 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan kecha, shuningdek, Oʻzbekistonning 2017-2021-yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyasiga bagʻishlangan davra suhbatlari tashkil etilganligi alohida eʼtirof etildi.

Oʻz navbatida, Madaniyat vaziri B.Sayfullayev ham yurtimizda oʻtkazilayotgan barcha madaniy-maʼrifiy tadbirlar, festivallar, xalqaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan eʼtibor toʻgʻrisida soʻz yuritib, Shanxayda oʻtkaziladigan “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”da faol ishtirok etishlarini taʼkidladi. Buning uchun oʻzbekistonlik sanʼat va madaniyat xodimlarining salohiyati yetarli ekanligiga ishonch bildirdi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, Shanxayda oʻtkaziladigan “Oʻzbekiston madaniyat kunlari” 24-dekabr kuni boʻlib oʻtadi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?