Shaxsiy ehtiyoj uchun quduq qazish tartibi qanday?

09:47 19 Avgust 2019 Jamiyat
77 0

Hukumat qarori bilan Yer osti suvlariga quduqlarni burgʻulash uchun ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga koʻra, 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab, yuridik shaxslar yer osti suvlariga quduqlarni burgʻulashga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.

Ruxsatnoma burgʻulash ishlarini bajarish davriga, lekin 1 yildan oshmagan muddatga Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan yuridik shaxslarga ularning murojaatiga asosan beriladi.

Davlat xizmatlari koʻrsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi (66 900 soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.

Quyidagilar uchun ruxsatnoma olish talab qilinmaydi:

- jismoniy shaxslarga chuqurligi 25 metrgacha boʻlgan quduqlarni qazish uchun va sutkasiga koʻpi bilan 5 kub metr hajmdagi yer osti suvlarini shaxsiy ehtiyoj uchun yakka tartibda olishga moʻljallanganda;

- gidrogeologiya korxonalari uchun yer osti suvlariga quduqlarni burgʻulash ishlari har yilgi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturi doirasida amalga oshirilganda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?