Shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida 30 million soʻmlik oziq-ovqatlarni olib kirishga uringan shaxs toʻxtatib qolindi

16:25 09 Avgust 2019 Jamiyat
129 0

Illyustrativ foto

Shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida 30 million soʻmlik oziq-ovqatlarni olib kirishga uringan shaxs toʻxtatib qolindi, deb xabar berdi DBQ matbuot xizmati.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat va alkogol mahsulotlarini respublikamizga noqonuniy olib kirilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi.

Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yoʻl chegara bojxona xodimlari yurtimizga kirib kelgan poyezd yoʻlovchilarining yuklarini belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazishdi.

Natijada fuqarolar S.B., R.R. va J.I. bojxona nazoratidan yashirin tarzda umumiy qiymati 30,2 million soʻmlik 204 kg. pishloq, 56 kg sariyogʻ, 12 kg. qandolatchilik kremi tovarlarini mamlakatimizga olib kirishga uringanliklari aniqlandi.

Shuningdek, mazkur postning oʻzida yana bir poyezd yoʻlovchilari qoʻl yuklari bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, fuqaro M.A. salkam 58 litr alkogol ichimliklarini bojxona nazoratidan yashirincha olib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, jismoniy shaxslarga respublikamizga temir yoʻl oʻtkazish punktlari orqali kirib kelishda 1000 AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, bunda bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdoriy normalariga rioya qilinishi lozim. Unga koʻra, jismoniy shaxslar mamlakatimizga alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivoni 2 litrgacha bojsiz olib kirishlari mumkin.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?