“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi

13:41 21 Iyun 2019 Siyosat
568 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi“. Oliy Majlis Senatida yigirmanchi yalpi majlis kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz ishini davom ettirmoqda.

Senatorlar “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdilar. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish dolzarb masaladir va bu nafaqat internet texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi va umuman globallashuv, balki fuqarolarning shaxsiy hayotga doir huquqini himoya qilish zarurati bilan bogʻliq. Qonun shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish chogʻida qoʻllaniladigan vositalaridan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan qatʼi nazar, yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi, shaxsga doir maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligi, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi va himoya qilinganligi, subyektlar, mulkdorlar va operatorlar huquqlarining tengligi, shaxs, jamiyat hamda davlatning xavfsizligi asosiy prinsiplar sifatida mustahkamlangan.

Bundan tashqari, Qonunda davlat organlarining bu sohadagi vakolatlari belgilanmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasi davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi, davlat dasturlarini tasdiqlaydi, Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritish va davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilaydi, tegishli organlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berilayotganda ushbu maʼlumotlarning himoya qilinganlik darajasini, ular himoyasini taʼminlaydigan talablarni, biometrik va genetik maʼlumotlar mavjud boʻlgan moddiy jismlarga hamda bunday maʼlumotlarni shaxsga doir maʼlumotlardan tashqarida saqlash texnologiyalariga oid talablarni belgilaydi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi, shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning hamda mulkdorning va operatorning shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berilishini hamda ularning himoya qilinishini taʼminlovchi tarkibiy boʻlinmasi yoki vakolatli vakili faoliyatini tashkil etishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi, Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritadi, shaxsga doir maʼlumotlar bazasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi, davlat nazoratini amalga oshiradi, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi, shaxsga doir maʼlumotlarning zarur himoya qilinganlik darajasini belgilaydi, ishlov beriladigan shaxsga doir maʼlumotlarning hajmi va mazmunini, faoliyat turini, shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligiga boʻlgan tahdidlarning haqiqiyligini tahlil qiladi, qonun hujjatlarining buzilishlarini bartaraf qilish haqida koʻrsatmalar kiritadi.

Shu bilan birga, Qonunda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish mexanizmlari mustahkamlanmoqda, u shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralar koʻrishni nazarda tutadi. Bu subyektning oʻz shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini, shaxsga doir maʼlumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya etilishini, shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini taʼminlaydi. Shuningdek, Qonunda bunday maʼlumotlarning maxfiyligi, ularning hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalariga kiritish uchun subyektning yozma roziligini olish, shuningdek subyektning shaxsga doir maʼlumotlarini hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalardan uning murojaatiga koʻra chiqarib tashlash taʼminlanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?