Yosh shaxmatchimiz Shamsiddin Vohidov amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsenni magʻlubiyatga uchratdi

09:39 27 Dekabr 2018 Sport
600 0

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilayotgan shaxmatning blis va rapid yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionatida sensatsiya yuz berdi. Rapid yoʻnalishidagi bahslarning ikkinchi raundida oʻzbekistonlik 16 yoshli shaxmatchi Shamsiddin Vohidov norvegiyalik grossmeyster, amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan gʻalabaga erishdi.

Oʻzbekiston vakili turnirda 188-raqamda, norvegiyalik sportchi 1-raqamda saralangan edi. Oʻtgan turda Shamsiddin Vohidov rossiyalik Stanislav Novikov bilan durang oʻynagandi. Karlsen esa ukrainalik Adam Tuxayevga yutqazgandi.

Shamsiddin Vohidovning keyingi raunddagi raqibi rossiyalik grossmeyster Aleksey Dreyev boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, Shamsiddin Vohidov shu yilning 24 noyabr - 3 dekabr kunlari Turkiyaning Konya shahrida oʻtkazilgan 16 yoshgacha oʻsmirlar oʻrtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasida jamoadoshlari Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov va Sitora Saparova bilan birgalikda birinchi oʻrinni egallagandi.

Bu natija evaziga yosh shaxmatchilar Prezident sovgʻasi “Spark” avtomobillari bilan taqdirlangandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?