Shakar ochiq savdoga chiqarildi

11:59 10 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
797 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi PQ-4484-sonli qarorining 1 bandiga muvofiq, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali bozor tamoyillari asosida barcha toifadagi xaridorlarga birja savdolarida qatnashish imkoniyati teng taʼminlangan holda realizatsiya qilinadi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Unga koʻra, respublikaning olis va yetib borish qiyin boʻlgan hududlarida joylashgan isteʼmolchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida oʻz savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno.

2020-yilgacha ishlab chiqarilgan shakarning cheklangan maʼlum qismi (ishlab chiqarish hajmining 12,5 – 13,5 foizi) ochiq birja savdolarida realizatsiya qilingan, qolgan qismi esa dilerlik tarmoqlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali sotilgan.

Shunday qilib, oʻtgan yilda “Angren shakar” MCHJ tomonidan jami boʻlib 28,8 ming.tonna shakar birja savdolarida sotilgan boʻlsa, 2020-yilning faqatgina yanvar oyida birja savdolariga 20,0 ming tonna shakar qoʻyilishi rejalashtirilgan. Xuddi shunday, “Xorazm shakar” MCHJ tomonidan oʻtgan 2019-yilda birja savdolarida 27,4 ming tonna shakar sotilgan boʻlsa, joriy yilning yanvar oyida 18,0 ming tonna shakar sotish rejalashtirilgan.

Birja savdolari orqali sotiladigan shakarning hajmini bir necha barobar oshishi oʻz navbatida shakarga boʻlgan talabni toʻliq qondirish imkoniyatini beradi.

Bir vaqtni oʻzida, 13 ta mintaqaviy boʻlinma va 300 tadan ortiq savdo maydonchalaridan iborat boʻlgan Respublika tovar-xomashyo birjasining rivojlangan infratuzilmasi shakar sotib olmoqchi boʻlgan barcha ulgurji isteʼmolchilar va tadbirkorlarga birja savdolarida ishtirok etishni taklif qiladi.

Sizga qulay boʻlgan savdo maydonchasini quyidagi yuklash yordamida topishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?