Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib masjid

16:46 10 May 2019 Siyosat
893 0

 

Chilonzor tumanidagi Soʻgalli ota ziyoratgohi yonida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qurilishini boshlatgan masjid uzoq yillar qarovsiz holda qolib ketgan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili fevral oyida bu yerga kelib, masjidni keng va koʻrkam qilib qurish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.

Bugun 2 gektardan ziyod maydonda ulkan majmua bunyod etildi. Avvalgi loyihadagi ayvon oʻrni ham masjid binosiga qoʻshilib, yanada kengaytirildi. Majmuadan, shuningdek, konferens-zal, oʻquv xonalari, tahorat xona, muzey va boshqalar joy olgan. Yoʻl boʻyidagi Soʻgalli ota maqbarasi taʼmirlangan. Beton qoldiqlari chiqarib tashlanib, koʻkalamzorlashtirilgan.

Maʼlumki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy boʻlgan. Turli diniy-maʼrifiy mavzularda yuzdan ziyod kitoblar yozib, islom dini mohiyatini toʻgʻri yetkazish, odamlarning bilim va maʼnaviyatini oshirishga katta hissa qoʻshgan.

Prezidentimiz bu masjid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib boʻlganini taʼkidladi. Shayx hazratlarining ilmiy merosini oʻrganish, maʼrifat va odob-axloq mavzularida koʻproq kitoblar chop etish, jamiyatimizdagi maʼnaviy muhitni mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar berildi.

 

 



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?