Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasi — Jaholatga qarshi maʼnaviyat, maʼrifat bilan javob beradigan markaz

18:07 31 May 2019 Jamiyat
398 0

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasi yurtimiz ahliga munosib Ramazon tuhfasi boʻlish barobarida, maʼnaviyat va maʼrifatning oʻziga xos koshonasi hamdir.

Shayx hazratlarining farzandu arjumandi Ismoil Muhammad Sodiq bilan suhbatimiz ushbu majmuaning hayotimizdagi ahamiyati, atoqli allomaning ibrati, beqiyos faoliyati, olijanob fazilatlari xususida kechdi.

— Bismillahir rohmanir rohiym. Oqqan daryo oqmay qolmaydi. Butun dunyoni charogʻon etgan, qadim sivilizatsiya beshigi sanalgan yurtimiz yana koʻkda porlagan quyosh misoli jahonga nur tarata boshladi. Prezidentimiz tomonidan islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini keng targʻib etish, insonlarga ilm-maʼrifat ulashish, butun moʻmin-musulmonlar va xalqimiz uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar nafaqat fikrimiz isboti, balki qalbimiz shukronasi hamdir. Chunonchi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Bahouddin Naqshband va boshqa buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosini oʻrganish, ularning maqbaralarini obod qilish, ziyoratgohlarni jahon andozalari asosida taʼmirlash, aqoid, hadis, fiqh ilmiy markazlarining ochilishi, yangidan-yangi masjid va madrasalar bunyod etilishi, Islom sivilizatsiyasi markazi kabi ziyo maskanlarining tashkil qilinishi xalqimiz, shuningdek, dunyo jamoatchiligi tomonidan katta mamnuniyat va xursandchilik bilan kutib olinmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan padari buzrukvorimiz nomida muhtasham majmua bunyod etilishidan, shubhasiz, oilamiz aʼzolarining koʻngli togʻdek koʻtarildi. Otamizning Vatan va dinimiz rivoji yoʻlidagi xizmatlari bu qadar yuksak qadrlanishi, ilmiy merosi, maʼrifiy va ijtimoiy faoliyati eʼzozlanishi favqulodda quvonchli yangilik boʻldi.

Majmuaning qurilishi boshidan-oxiriga qadar Prezidentimizning doimiy eʼtiborida turganini ham alohida taʼkidlashim lozim. Bu jamiyatimizning maʼnaviy-maʼrifiy hayotidagi ezgulikka yoʻgʻrilgan unutilmas voqelikdir. Zero, ilm ahliga, ulamolarga, din peshvolariga bunday gʻamxoʻrlik dinimizning tamal toshi boʻlmish Qurʼondagi “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” degan oyati karimaning hayotiy ifodasi, deyish mumkin. Shu bilan birga bu — Oʻzbekistonimizda diniy, maʼrifiy sohada olib borilayotgan ishlarning yangicha mazmun kasb etayotganini, yangi bosqichda yuksalayotganini ham koʻrsatadi.

— Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasining yurtimizdagi ana shunday qutlugʻ dargohlardan oʻziga xosligi nimada?

— Otamiz 1989-yilda, juda qiyin va murakkab davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasining raisi, muftiysi boʻlgan. Bu davr islomiy ilmlar, diniy qadriyat va anʼanalar qayta tiklangan davr sifatida alohida oʻrin tutadi. Shu bilan birga, oʻsha paytlarda jamiyat hayotida, odamlar ongu tafakkurida oʻzgarishlar, hatto keskin qarama-qarshiliklar kechganini katta avlod vakillari yaxshi eslashadi. Ana shunday murakkab bir davrda padari buzrukvorimiz yetuk ilmi, soʻzi va ibratli amallari bilan Vatanimizga, dinimiz ravnaqiga chin dildan halol xizmat qilganlar. Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, koʻplab islom mamlakatlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga erishganlari barchaga maʼlum.

Padari buzrukvorimiz olim sifatida umrini muqaddas dinimiz arkonlarini oʻrganish va targʻib etish, xalqimiz, yoshlarimizni diniy maʼrifat ruhida tarbiyalashga bagʻishladi.

Prezidentimiz majmua qurilishi boshlangan pallada bu yerga tashrif buyurib, hazratimizning ilm va hayot yoʻli oʻziga xos maktabligini aytdi, u kishining boy merosini oʻrganish va xalqimizga yetkazish barchamizning burchimiz ekanini qayd etdi. Ana shunday xayrli maqsad yoʻlida qisqa vaqt ichida majmuada ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari bajarildi. Ikki ming kishiga moʻljallangan masjid, anjumanlar zali, kutubxona, muzey, Soʻgalli ota maqbarasi, tahoratxona va boshqa yordamchi xonalar barpo qilindi. Bunyodkorlikda sharqona meʼmoriy yechimlardan foydalanilgan holda har bir binoning oʻziga xos shakl va mazmun kasb etishiga, hatto bezak va naqshlarning ham ilohiy mohiyatni jo qilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda ziyorat turizmining izchil taraqqiy etayotgani hisobga olinib, majmuaning yon-atrofi koʻkalamzorlashtirilib, bu yerga noyob gul va manzarali daraxtlar ekildi. Naqshinkor ayvonlar, zamonaviy oʻrindiqlar oʻrnatildi. Koʻrkam favvora ziyoratga kelgan insonlarning bahri dilini ochib, maʼnaviy quvvatini yanada ziyoda qiladi. Muzeyimiz ham tez orada shayx hazratlarining hayoti va ilmiy faoliyati bilan bogʻliq qimmatbaho eksponatlarga toʻldiriladi.

Davlatimiz rahbari 10-may kuni majmuadagi yakuniy bunyodkorlik ishlarini koʻrish maqsadida kelganida quyidagi fikrlarni bildirdi: “Bu dargoh jaholatga qarshi maʼnaviyat, maʼrifat bilan javob beradigan markaz, sof islom aqiydalarini, arkonlarini targʻib qiladigan, insonni poklaydigan maskandir... Bu shunday oʻchoq boʻlishi kerakki, bu yerga kelgan har bir odam maʼnaviy boy boʻlib ketishi kerak”.

Ayonki, Prezidentimizning tavsiyalari va koʻrsatmalari asosida majmuani islomiy ilmlarni keng yoyishda, maʼrifat yogʻdusini taratishda oʻziga xos markazga aylantirish asosiy vazifamizdir. Bu borada zimmamizdagi masʼuliyat juda ulkan. Dinimiz, ajdodlarimiz azaldan ardoqlab kelgan ezgu fazilatlarimiz targʻibotida bor kuch-gʻayratimizni safarbar etib, kamarbasta boʻlsak, bizni koʻp ulugʻ manzillar kutib turibdi, inshaalloh!

— Shayx hazratlarini butun dunyo yetuk alloma sifatida taniydi. Ammo u zotning oddiy inson, oila boshligʻi, ota sifatidagi fazilatlari ham koʻpchilikka qiziq.

— Padari buzrukvorimizning shaxsiy sifatlari haqida soʻz yuritish men uchun biroz qiyin. Chunki u kishi ortiqcha maqtovni xush koʻrmas, kamtar inson edilar. Dinimiz, xalqimiz oldida qilgan ulkan mehnatlarini ham har bir insonning burchi deb bilardilar. Aytishim mumkinki, shayx hazratlarining yuksak maqomlarga erishishlariga Alloh taolo u zotga ato etgan mustahkam iymon, xolis niyat, kuchli iroda va tinimsiz mehnat, oʻz ustida ishlash, oʻziga va boshqalarga nihoyatda talabchanlik kabi sifatlar sabab boʻlgan. Ayni paytda padari buzrukvorimiz oila boshligʻi, ota ham ustoz sifatida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning goʻzal sunnatlariga amal qilar edilar. Nihoyatda mehribon, shirinsoʻz ota boʻlish bilan birga talabchan rahbar, qattiqqoʻl ustoz ham edilar. Har bir yaxshilikni, intilishni ragʻbatlantirar, muammolarga yechim topishda sabrli va qatʼiyatli boʻlishga undardilar. Bunday talabchanlik va ayni paytda muloyimlik nihoyatda yaxshi samara berar edi, chunki bu koʻrsatmalarga rioya etishda, avvalambor, oʻzlari shaxsiy namuna, oʻrnak koʻrsatardilar. Ziyoli oilada tugʻilib-oʻsganlari, tolibi ilm, yetuk ulamo boʻlganlari bois ilmga chanqoqlikni, izlanuvchanlikni yaxshi koʻrar edilar.

Vaqtni qadrlashlari esa koʻpchilikning tiliga tushgan mashhur sifatlaridan biri edi. Nafaqat oʻzlarining, balki boshqalarning ham vaqtini nihoyatda aziz hisoblar, vaqtning qadriga yetmagan odamni koʻrganda achchiqlari kelardi. Fursatni gʻanimat bilish, Alloh bergan imkoniyatdan imkon qadar toʻliq foydalanish u kishining hayot manhaji edi. Jumladan, 1989-yil dekabr oyida sobiq ittifoq Oliy Kengashiga deputat etib saylanganlarida fursatdan darhol foydalanib, oʻsha paytdagi davlat rahbariyatiga murojaat qiladilar. Hazrat bu bayonnomada musulmonlarning haq-huquqlarini eʼtirof etish, ularga ham boshqa din vakillari kabi diniga emin-erkin amal qilishga sharoit yaratish, diniy taʼlimni yoʻlga qoʻyish, masjid-madrasalar ochish, xorijdagi oʻquv yurtlarida taʼlim olishga ruxsat berilishini soʻraydi. Bu ish oʻsha davr uchun chinakam qahramonlik, jasorat edi. Alloh taolo ustozimizning bu saʼy-harakatlariga barakot berdi. “Haj safari islom dini besh arkonining biri. Shuningdek, bu safar — mamlakat farovonligi darajasini koʻrsatuvchi ibodat hamdir”, deb bilgan hazrat 1990-yili Markaziy Osiyo respublikalaridan ilk bor besh yuz nafar musulmonni oʻzlari bosh boʻlib, Makka va Madina shaharlariga ulugʻ ziyoratga olib borishga erishdilar. Bundan avval sobiq ittifoqning barcha respublikasidan jami 20-30 kishigina hajga borganini inobatga olsak, uzoq yillar istibdod iskanjasida qolgan musulmonlar orzusi roʻyobida hazratning mehnati naqadar katta samara berganiga amin boʻlamiz.

Otamizning gʻayrat-shijoatlari doimo joʻshib turardi. Ular muftiy boʻlganlarida yonlarida kotib sifatida ishlagan Muhammad Nofeʼ Mirkomilov bir voqeani eslaydi. “Shayx hazratlari xalq deputati boʻlgan vaqtlarida u kishi bilan birga Moskvaga qilinadigan safarlarda hamroh boʻlar edim, — deydi Muhammad Nofeʼ aka. — Hazrat qanday mushkul boʻlmasin, xalqining, millionlab musulmonlarning istaklari yoʻlida kurashar, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarishga harakat qilardilar. Oʻsha paytlarda meni hayratga solgan yana bir muhim jihat shu ediki, hazrat qanchalik band boʻlmasin, albatta, kitob oʻqishga, ilmlarini muntazam boyitishga, ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanishga vaqt topardilar. Ularning deyarli har kuni yarim tungacha mehnat qilganlariga guvoh boʻlardim. Bir safar oldilariga kirib, sogʻliqlaridan xavotir olayotganimni aytib, dam olishlarini iltimos qildim. Hazrat oʻsha kunlari “Tafsiri Hilol” kitobining boshlanish qismlarini tasnif etayotgan ekanlar. Toshkentdan ming zahmat evaziga olib kelgan taxlam-taxlam kitoblarni oldilariga yoyib qoʻyibdilar. Ular qoʻlyozmalardan bir zum bosh koʻtardilar. “Vaqtni gʻanimat bilish kerak, — dedilar cheksiz mehr va qatʼiyat balqib turgan nigohlarini menga tikib. — Chunki oxiratda vaqtdan soʻralamiz”. Men hazratning bu soʻzlarini butun umr qalbimning toʻrida saqladim va ular keyinchalik hayotimda dasturilamalga aylandi”.

Otamiz xalqimizning bir paytlar butun dunyoga mashhur boʻlgan, buyuk allomalar yurti deb tanilgan davrdagi mavqei tiklanishini orzu qilardilar. Hazratimiz ana shunday ezgu niyatlar bilan butun umrini, kuch-quvvatini, yuksak salohiyatini ilm-maʼrifat, ziyo tarqatishga bagʻishladilar. “Ahli sunna va jamoa mazhabi asosida pok aqiyda va musaffo islomga intilish, Qurʼon va sunnatni oʻrganib, amal qilish, islomiy maʼrifat taratish, salafi solih — ulugʻ mujtahidlarga ergashish, bagʻrikenglik va birodarlik ruhini tarqatish, diniy savodsizlikni tugatish, ixtilof va firqachilikka barham berish, mutaassiblik va bidʼat-xurofotlarni yoʻqotish” hayotining ham, faoliyatining ham bosh shioriga aylangandi.

Shayx hazratlarining ilmiy faoliyati milliy istiqlolimizni mustahkamlash, qadriyatlarni tiklash, dinimizning taʼlimotlarini, xalqimizning boy maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻrganish va oʻrgatish, xalqimizning dinu diyonat, insonparvarlik, tinchliksevarlik va bunyodkorlik kabi iymon nuriga yoʻgʻrilgan fazilatlarini butun dunyoga tanitishga qaratilgan edi. Yoshlar bilan suhbatlashishni xush koʻrardilar. Ularga kelajagimizning tayanchi sifatida qarardilar. Shu bois yosh avlodning Vatanimiz tarixi, buguni va ertasi oldidagi masʼuliyatini oshirish, ularni diniy va milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, zararli taʼsirlardan himoyalash, ilm‑maʼrifatga, yangilikka, zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni puxta oʻrganishga daʼvat etish doimo u kishining diqqat markazida turardi. Alhamdulillah, bugungi kunimiz ushbu xizmatlarning nechogʻli samarali, barakali boʻlganini koʻrsatib turibdi. Hazratimizning orzulari roʻyobga chiqmoqda. Inshaalloh, yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlardan u zotning ham ruhlari shod boʻlyapti.

— Shayx hazratlarining bebaho merosining bugun ham, ertaga ham va undan keyin ham ahamiyati beqiyos. Undan qanday samarali foydalanish lozim deb oʻylaysiz?

— Xaqiqatga ishonish, dalil va manbalarni chuqur oʻrganish, teran his etish orqali otamizning merosini idrok etish, anglash mumkin. Eng muhimi, ilm egallashga intilish, bu yoʻldan qaytmaslik, iymonda sobit, Vatanga sadoqat koʻrsatish talab etiladi. Oʻylaymanki, bu faqat mengagina emas, butun xalqimizga, yoshlarimizga — barchamizga tegishli masʼuliyat. Zero, hazrat ana shunday yashadilar. Isteʼdodu salohiyatlarini xalqimizning maʼrifiy yuksalishi, dinu diyonatlari mustahkamlanishi uchun sarfladilar.

Albatta, shayx hazratlarining asarlarini qayta-qayta oʻqishimiz kerak. Sababi dinimiz asoslarini notoʻgʻri talqin qilguvchilar, manfaatlari uchun xizmat qildirishga urinuvchilar, taassufki, dunyoning turli-tuman nuqtalarida buzgʻunchilik bilan shugʻullanayotgani sir emas. Terrorizm, ekstremizm tushunchalarini tinchlik, insonparvarlik dini — islom bilan yonma-yon qoʻyishga urinishlar kuchaygan, axborot xurujlari avj olgan bugungi zamonda bu kitoblar muqaddas dinimizning asl mohiyatini anglashimizga, ongu qalbimizni, eʼtiqodimizni pok saqlab qolishimizga xizmat qilishi muqarrar. Masalan, ustozning “Tafsiri Hilol” asarida Alloh taoloning kalomi — Qurʼoni Karim oyatlarining mazmuni ilmiy dalillar asosida tushunarli shaklda taʼsirchan izohlangan. Oʻttiz toʻqqiz jilddan iborat “Hadis va Hayot” kitobi silsilasi moʻmin-musulmon uchun muhim boʻlgan har bir mavzu qamrab olingani bilan qadrlidir. Bundan tashqari, islom dinining sof aqidasini botil gʻoyalardan ajratib beruvchi “Sunniy aqidalar”, kamolot sari chorlovchi “Ruhiy tarbiya” kitoblari haq yoʻlni tanlashda, umuman, maʼnaviy yuksaklikka erishishda beqiyos ahamiyatga egadir. Hazratning boshqa yuzlab asarlari ham qalbimizga ilohiy huzur, ruhimizga esa kuch beruvchi quvvatdir, desak ayni haqiqat.

Binobarin, hozirgi kunda ayrim dilni xira torttiradigan manzaralardan koʻz yumib boʻlmaydi. Nadomatlarkim, islomning umidbaxsh hamda hayotbaxsh mazmunini shuuriga naqshi nigor etmagan baʼzi yoshlarimiz turli gʻarazli, bizga mutlaqo yot boʻlgan guruhlar taʼsiriga tushib qolmoqda.

Din niqobi ostidagi yovuz kuchlarga Prezidentimizning turli uchrashuv va suhbatlarda, jahon minbarlarida muntazam taʼkidlab kelayotgan “Jaholatga qarshi — maʼrifat” gʻoyasi asosida kurashishimiz, murosasiz faoliyat yuritishimiz yuksak samara beradi. Zero, yoshlarimizni qanchalik maʼrifatli, bilimli, Vatanimizga sadoqatli qilib tarbiyalasak, ularning eʼtiqod qoʻrgʻoni shunchalik mustahkam boʻlajak. Bunday tahdid bardosh, metin qoʻrgʻonni biror-bir gʻaraz niyatli manfur guruhlar mahv etolmaydi. Ushbu ezgu maqsad yoʻlida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasini chinakamiga nur taratuvchi ziyo maskaniga aylantirolsak, Parvardigor ham, padari buzrukvorimiz ham bizdan rozi boʻladi, inshaalloh.

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi” suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?