Shayx Alouddin Mansur: “Adashganlarni afv etmoq — pokiza iymondandir”

18:01 04 Iyun 2019 Jamiyat
616 0

Insonlar oʻrtasida silai mehr, kechirimlilik yuksak fazilat hisoblanadi. U yomonlikdan qaytarib, yaxshilik, ezgulikka daʼvat etadi. Inson mohiyati yaratilishdanoq ezgulik nuri bilan yoʻgʻrilgani olimu ulamolar tomonidan bitilgan kitoblarda ham tasdiqlab kelinadi. Ammo taʼlim-tarbiyaning yetishmasligi, johillik tufayli inson har xil oʻzi istamagan koʻchalarga kirib qolib, hayot shu ekan, degan tushunchada adashib yurishi har qanday jamiyatda koʻplab uchraydigan hodisa. Shunday kezlarda unga nisbatan munosabat qanday boʻlishi kerak? Oʻlganning ustiga tepgan qabilida ularni chetga chiqarib tashlash kerakmi yoki afv joizmi? “Agar sizlar (ularni) afv etsangizlar, koyimasangizlar va kechirsangizlar, u holda, albatta, Alloh (ham) magʻfiratli va rahmlidir” (Tagʻobun, 14). “Yaxshilik bilan yomonlik barobar boʻlmas, siz (har qanday yomonlikni) eng goʻzal soʻzlar bilan dafʼ qiling! (Shunda) banogoh siz bilan oʻrtalaringizda adovat boʻlgan kimsa qaynoq — sodiq doʻst kabi boʻlib qolur” (Fussilat, 34).

Qurʼoni Karimdagi bunday oyati karimalar insoniyatni bu hayotda ezgu maqsadlarni koʻzlagan holda tinch-totuvlikda yashashga daʼvat etadi. Albatta, barcha oshkora va xufiya gunoh-savoblarni koʻrib-bilib turuvchi Allohdan hech narsani yashirib boʻlmaydi. Shu bois, Islomda insonlarga insonlar tomonidan juda qattiq ozor berish masalasiga jiddiy qaraladi. Kimki adovat, gij-gijlash, urush-janjal yoʻlidan borsa gunohkor boʻlib qolgani kabi aksincha, bagʻrikenglik, kechirimlilik tufayli gunohlar kechiriladi, tinchlik, osoyishtalikka erishilishiga umid qilinadi. Agar bordi-yu, mana shu jihatlarni nazar-pisand qilmagan holda birovning mol-mulkiga koʻz olaytirib, joniga qasd qilsa, yolgʻonchilik, firibgarlik illatlaridan voz kecholmay,jamiyatga, odamlarga yana zarar yetkazish yoʻlida xatti-harakatlar sodir etsa, bunday kimsalarga qarshi jiddiyroq choralar koʻrish zarurligiga ishora etuvchi koʻrsatmalar ham muqaddas dinimizda mavjud. Bagʻrikenglik, silai rahm, kechirimlilik nima ekanligini, oʻzgalarning marhamatini tushunib-anglab yetishning oʻzi ham har qanday gunohkorni gunohlardan forigʻlanishiga yordam beradi. Aksincha esa, bu dunyoda hammasi oson ekan, degan tushunchaga borgan holda tarki odat, amri mahol — eski qilgʻiliklarini yodga olib, ularni takrorlashga urinadiganlar bu dunyoda kechirilsa ham,u dunyoda kechirilmaydi.

Men Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyatida istiqomat qilsam-da, millatdoshlarim va dindoshlarim — oʻzbek xalqining quvonchu shodligi, qaygʻu alamidan hech qachon chetda boʻlgan emasman. Shu maʼnoda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan yangicha siyosat, bir xayrixoh odam sifatida, meni ham koʻp quvontiradi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda diniy sohaga alohida eʼtibor qaratilayotgani qalbimizga nur olib kirmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va koʻrsatmasi bilan Hadis ilmi maktabi faoliyati tashkil etilishi,Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va oʻquv madrasalarida islom ilmi chuqur oʻrgatilishi, 120 dan ortiq masjidlarda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgani, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasi bunyod etilishi dunyo musulmonlari uchun bebaho sovgʻa boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 25 yilligini nishonlash arafasida farmon qabul qilgan edi. Bu mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksak darajaga olib chiqishiga sabab boʻlganini eʼtirof etmoq zarur.

Oʻtgan haftada Oʻzbekistondan yana bir mujda keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining tashabbusi bilan muborak Ramazon oyida yana bir savobli amalga qoʻl urilib, Suriya zaminida urush harakatlariga bilib-bilmay aralashib qolgan bir guruh oʻzbekistonliklar Vataniga qaytarildi. Bu ezgulik, yaʼniki, adashganlarni kechirish va boshini silash yuksak mehr-muhabbat va pokiza imonni talab etadi.

Zero, odam bolasi borki, bilib-bilmay xato qiladi. Ularning bu xatosini hadeb yuziga solavermasdan, yaxshilik, ezgulik yoʻliga boshlagan inson katta qalbli, ulugʻ ruhoniyatli boʻladi. Suriyadagi dahshatli olov ichidan 156 nafar fuqaro, xususan, 43 nafar ayol va yana 107 nafar bola jangarilar lageridan Oʻzbekistonga qaytarildi. Muqaddas Ramazon kunlari qilingan bunday xayru saxovatda, albatta, ulugʻlik belgisi mavjud. Kuni kecha imzolangan “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni esa bu ezgulikning davomi boʻldi. Boshi devorga tekkandan soʻng adashganligini tushunib yetgan odamlarni afv etish muqaddas dinimizning asosiy arkonlaridan biri sanaladi.

Qurʼoni Karimga suyangan holda ish yuritgan sohibqiron Amir Temur ham“Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir koʻtarganlar, ishimga koʻp ziyon yetkazganlarni ham, agar ular iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelsalar, hurmatlab, yomon qilmishlarini xotiramdan oʻchirdim”, deya bagʻrikenglik, kechirimlilik fazilatlarini yuksak darajada eʼzozlaganini eslamoq joiz. Binobarin, oyati karimada Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz oʻgiring!” (Aʼrof surasi, 199-oyat) deb marhamat qilingan.

Albatta, har qanday yomonlikning bu hayotda oʻziga xos jazosi boʻlib, bu dunyoda ham, narigi dunyoda har kim oʻz qilmishiga yarasha mukofot yoki jazo olishi muqarrar. Bu hukm Allohning zimmasidadir. Shu sababli, Yaratgan insonlarning bir-biriga nisbatan kechirimliligini olqishlaydi. “Endi kim (intiqom olishga qodir boʻlgani holda) afv qilib (oʻrtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zulm qilguvchilarni sevmas (Shoʻro, 40).

Butun dunyoda Muborak Ramazon hayiti nishonlanayotgan mana shu shukuhli lahzalarda bu tarixiy voqeadan barcha moʻmin-musulmonlargina emas, jahon afkor ommasi xabardor boʻlganini aytib oʻtmoq joiz. Tarixan olib qaraganda, dunyoda Islom maʼnaviyati va maʼrifati barqarorligiga, tarqalishiga beqiyos ulush qoʻshgan ulugʻ olimu ulamolar oʻzbek zaminidan yetishib chiqqani tufayli bu yurt hamisha moʻmin-musulmonlar orasida muqaddasi sanalgan. Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining bagʻrikenglik va kechirimlilik siyosati Islom olamida oʻsha azaliy anʼanalar bardavomligi namunasi sifatida qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?