Shahrisabzning tarixiy qismidagi qurilishlar YUNESKO Umumjahon merosi markazi ijobiy xulosasidan soʻng amalga oshiriladi

13:55 08 Avgust 2019 Jamiyat
99 0

Arxiv foto

Ilgari Shahrisabz shahrining tarixiy qismida mehmonxonalar va boshqa zamonaviy binolar qurilishi moziy merosining xavf ostida qolishiga olib kelayotgan edi.

Endi Shahrisabz shahrining YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan qismida amalga oshiriladigan qurilish loyihalari YUNESKO Umumjahon merosi markazining faqat ijobiy xulosasi olingandan soʻng amalga oshiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisidagi qarori(http://lex.uz/docs/4458741)da koʻrsatib oʻtildi.

Mazkur hujjat asosida Shahrisabzda yangi korxonalar va ishchi oʻrinlarini vujudga keltiradigan investitsiyaviy loyihalar roʻyxati tasdiqlangan. Xususan, xizmat koʻrsatish sohasidagi 64 ta loyihaga 313 mlrd. soʻm, sanoat sohasidagi 24 ta loyihaga 304 mlrd. soʻm ajratiladi.

Loyihalarning hammasi 157 ta boʻlib, oltita yoʻnalishni qamrab olgan. 2019-yilda 1068 ta, 2020-yilga borib esa yana 479 ta ish oʻrni yaratilishi prognoz qilinyapti.

Moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladigan resurslarning umumiy miqdori 867 mlrd. soʻm sifatida baholanmoqda. Ularning asosiy qismi kompaniya va korxonalarning oʻz mablagʻlari hisobidan yoʻnaltiriladi. Qolaversa, 29,5 mln. AQSH dollari miqdorida xorij sarmoyasi jalb etilish ham rejalashtirilgan.

Bundan oldin 2016-yilda YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Shahrisabz ushbu roʻyxatdani chiqarilish xavfi paydo boʻlgandi. Bunga hududning oʻrta asrlar nohiyalari markazidagi binolarning buzilishi va yangi obyektlar, jumladan, mehmonxona va boshqa binolar qurilishi oqibatida shaharning tashqi qiyofasi oʻzgarib ketgani sabab boʻlgandi.

Keyinchalik, toʻgʻrirogʻi, oʻtgan yili YUNESKO umumjahon madaniy meroslar komissiyasi ushbu masalani koʻrib chiqib, Shahrisabzni roʻyxatda qoldirishga qaror qilgandi. Faqat Oʻzbekistonga yana bir yil davomida turli komissiyalar tashrif buyurib, vaziyatni nazorat qilishi, Shahrisabz tarixiy markazini YUNESKO jahon meroslari roʻyxatida qoldirish nuqtayi nazaridan ishlar davom ettirilishi maʼlum qilingandi. Yuqoridagi qaror ijrosi ham ana shu ezgu maqsad roʻyobiga qaratilgani bilan ham dolzarbdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?