Shahrisabzlik chavandoz uloqda “Gentra” ni “ayirdi

12:22 19 Mart 2019 Jamiyat
544 0

Foto: "Xalq so'zi"

18 mart kuni Kitob tumanining Qaynar qishlogʻi dalalarida xalqaro uloq-koʻpkari musobaqalari oʻtkazildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro sport tadbirida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston davlatlaridan kelgan mingga yaqin chavandozlar ishtirok etishdi.

Ayni paytda yashillik bilan qoplangan Qaynar qir adirlari ot choptirgan chavandozning zavqini yuz chandon oshiradi. Bu yerdagi dara va soyliklar bayram sayillari hamda sport musobaqalari uchun ataylab tayyorlangandek, tabiiy amfiteatr tusini olgan. Shunday soyliklarning birida oʻtkazilgan ikki marrali uloq koʻpkari musobaqalari yon bagʻirlarda jamul jam boʻlgan tomoshabinlar olqishi ostida qizgʻin va murosasiz tortishuvlarga boy boʻldi.

Foto: "Xalq so'zi"

Uloq ayirishda chaqqonlik va epchillik qilgan chavandozlar tuya, toy, tana, qoʻchqor, maishiy texnika va gilamlar, shuningdek, pul mukofotlaridan iborat yuzlab zotlarni qoʻlga kiritishdi.

Musobaqaning bosh sovrini –Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini “Gentra”avtomashinasi uchun kechgan bahslar ayniqsa murosasiz bo'ldi. Unda shahrisabzlik chavandoz Siroj Jovliyev Fonar laqabli oti bilan uloqni halol ayirdi va bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. Gʻolibga avtomashina kalitini Qashqadaryo viloyati hokimi Z. Roʻziyev tantanali topshirdi.

Foto: "Xalq so'zi"

Navroʻz bayramiga ulashib ketgan bayram tadbirlarida milliy kurash musobaqalari, dorbozlar tomoshasi, viloyat sanʼat ustalari hamda folklor jamoalar ijrosidagi galakonsert dasturlari, shuningdek, koʻrgazma hamda savdo yarmarkalari tashkil etildi. Bayram tadbirlarida viloyatning barcha tumanlaridan kelgan va chet ellik mehmonlardan iborat 15 mingga yaqin tomoshabinlar ishtirok etdi.

Foto: "Xalq so'zi"
Foto: "Xalq so'zi"

A. Muhammadiyev


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?