Shahrisabzda maqomning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni mavzusida xalqaro konferensiya ish boshladi

18:37 07 Sentyabr 2018 Jamiyat
231 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Maqsud JONIXONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri, Shahrisabz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizning goʻzal va maftunkor goʻshalaridan biri Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumani boʻlib oʻtmoqda. 7 sentyabr kuni mazkur nufuzli tadbir doirasida “Maqom musiqa sanʼati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev, YUNЕSKO departamenti boshligʻi Xosaraxar Joti Visvervaraya, Shahrisabz shahar hokimi Ismat Nusurov va boshqalar Xalqaro maqom sanʼati anjumani koʻtarinki ruhda boshlanganini, u oʻzining koʻlami, miqyosi, qamrab olingan mavzulari jihati bilan ajralib turishini taʼkidladi. Sharq xalqlarining betakror milliy mumtoz musiqasi boʻlgan maqomlarni oʻrganish, azaliy anʼanalarni tiklash, zamon ruhi bilan sugʻorilgan ijrolarni shakllantirish va jahon uzra keng targʻib etish mazkur anjumanning asosiy maqsadidir.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Mazkur ilmiy-amaliy anjumanda Hindiston, Pokiston, Eron, Iroq, Tunis, Misr, Turkiya, Afgʻoniston, Bangladesh, Ozarbayjon, Germaniya, Vengriya, AQSH, Fransiya, Tojikirston, Italiya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardan maqom sanʼatini oʻrganish boʻyicha yirik tadqiqotlar olib borayotgan taniqli maqomshunos va musiqashunos olimlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etmoqdalar. Anjuman shuʼbalarga boʻlingan holda davom etmoqda. Uning yakunida maxsus Deklaratsiya qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tadbirlar doirasida Maqom muzeyining ochilish marosimi ham oʻtkazildi. Oʻzbek maqom sanʼati mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining fondini yaratish hamda muzey ashyolari va kolleksiyalarini ilmiy tadqiq qilish ishlarini kuchaytirish, uning natijalarini eʼlon qilib borish Oqsaroy maydonida joylashgan mazkur muzey faoliyatining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Kecha, shuningdek, Xalqaro press-klubning ushbu nufuzli anjumanga bagʻishlangan maxsus sessiyasi ham uyushtirildi. Unda ishtirok etgan xorijlik mehmonlar, mahalliy va chet eldan kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlari maqom sanʼati anjumanining ochilish marosimi, Prezidentimiz nutqi katta taassurot qoldirganini aytib oʻtishdi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Xalqaro press-klub ishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Abduhakimov soʻzga chiqdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?