Shahrisabzda II maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish rejalashtirilmoqda

14:47 06 Iyul 2020 Madaniyat
290 0

2019-yil 26-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “II Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi eʼlon qilingan edi. Xalqaro tadbir joriy yilning 5 —10-sentabr kunlari “Festivallar shahri” — Shahrisabzda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining 2020-yil 30-iyundagi II Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita majlisi oʻtkazilib, yigʻilish bayoni tasdiqlandi. Unda ushbu nufuzli anjumanning ikkinchi marotaba oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish, xorijiy ishtirokchilarni yana-da koʻproq jalb etish va ularga maqom sanʼati toʻgʻrisida koʻproq maʼlumot berish, anjuman geografiyasini yana-da kengaytirish zarurligi, ishtirokchilarni boy madaniy merosimiz, sanʼatimiz, urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishtirish masalalari muhokama qilindi.

Ayni paytda Shahrisabzda ushbu nufuzli anjumanni yuqori saviyada tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Anjumanni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha tashkiliy guruh shakllantirilib, tegishli tashkilotlarga bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berilgan.

— Anjuman doirasida oʻtkaziladigan barcha tadbirlar, tayyorgarlik jarayonlari, hududlardan tashrif buyuruvchilarning ishtiroki sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilingan holda tashkil etiladi, -deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sh. Jalalov. –Xorijlik ishtirokchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik yigʻimlarini undirmasdan rasmiylashtirib beriladi.

Eslatib oʻtamiz I xalqaro maqom sanʼati anjumani 2018-yilning 6-10-sentyabr kunlari Shahrisabz shahrining tarixiy markazida oʻtkazilgan boʻlib, unda jahonning 75 mamlakatidan yakkaxon xonandalar, folklor jamoalari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etgandi.

Asror Allayarov,
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi
Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi 
bosh mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?