Shahrisabz tuman elektr ta’minoti korxonasiga soxta dalolatnomalar nega kerak edi?

15:49 02 Iyul 2018 Jamiyat
699 0
Illyustrativ foto

Shahrisabz tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga iste’molchi Shahrisabz tuman “Xitoy” MFY, Xitoy qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sirojiddin Umarov ariza bilan murojaat qildi.

Fuqaro o‘z murojaatida tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari xatti-harakatidan norozi ekanligini bildirib, yashab kelayotgan xonadonida mavjud bo‘lgan 268-161-sonli abonent hisob raqami orqali elektr energiyasidan foydalanib kelganligi va to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirganligini qayd etgan. Ammo, tuman elektr tarmoqlari korxonasi kompyuter bazasidagi ma’lumotlar esa buning aksini ko‘rsatgan. Unga ko‘ra, iste’molchi hisob raqamiga 02KSH 005886-sonli dalolatnoma tuzilib, ushbu dalolatnoma asosida 268-161-sonli abonent hisob raqamiga 740 361 so‘m qarzdorlik qo‘llanilgan. Shuningdek, fuqaro nomiga qo‘shimcha ravishda 268-191-sonli abonent hisob raqami ham ochilib, mazkur hisob raqami bo‘yicha xatlov o‘tkazilgan va xatlov dalolatnomasi asosida 308 985 so‘m jarima hisoblangan. Ushbu ma’lumotlar tuman elektr ta’minoti korxonasi kompyuter bazasiga kiritilib kelingan.

Fuqaro S. Umarov tuman elektr ta’minoti korxonasiga ushbu holatga aniqlik kiritish va xonadoniga asossiz qo‘llanilgan qarzdorliklarni bartaraf etishlarini so‘rab bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsada, biroq uning talabi ta’minotchi korxona tomonidan doimiy ravishda rad etilgan.

Murojaatdagi holatni bartaraf etish va iste’molchiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tuman jamiyati mutaxassislari ishtirokida o‘rganish ishlari tashkil etildi. O‘rganishlar davomida ta’minotchi korxona xodimlari tomonidan fuqaro nomiga tuzilgan xatlov dalolatnomalari nusxasi o‘rganildi. Natijada har ikkala dalolatnomadagi imzo ham fuqaroga yoki uning oila a’zolariga tegishli emasligi, qalbaki imzoni kim qo‘yganligini bilmasliklari, dalolatnoma nusxasi iste’molchi yoki uning oila a’zolariga qoldirilmaganligi va qonun buzilish holati aniqlangan bo‘lsa bu holat yuzasidan 2011 yildan 2017 yilga qadar iste’molchi xabardor qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Shu boisdan tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan fuqaro S.Umarov xonadoniga dalolatnomalar asosida hisoblangan qarzdorliklarni asoslovchi hujjatlar yo‘qligi sababli ishda to‘plangan ma’lumotlarga asoslanib, tuman jamiyati xodimlari tomonidan fuqaroning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, iste’molchi xonadoniga qo‘llanilgan jami 1 049 346 so‘m qarzdorlikni undirish ro‘yxatidan chiqarish majburiyati Shahrisabz tuman elektr ta’minoti korxonasi zimmasiga yuklatildi va iste’molchining talablari qanoatlantirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?