Shahrisabz tajribasi: mehmon uylari mehmonxona biznesining eng jozibali tarmogʻiga aylanmoqda

12:21 09 Fevral 2019 Jamiyat
344 0

Muallif olgan surat.

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi ONLINE” xabar qiladi.

“Info-Tour”ning ikkinchi kunida tadbir ishtirokchilari turizm industriyasining ustunlaridan biri boʻlgan mehmonxona xizmatlari tarmoqlarini kengaytirish loyihalari bilan tanishdilar.

Taqdimotlarda aytilganidek, Qashqadaryo viloyatida kelgusi ikki yil ichida ushbu jabhada 148,5 milliard soʻm oʻzlashtirilib, 15 ta zamonaviy mehmonxona, 1,8 milliard soʻmlik mablagʻ evaziga 40 ta mehmon uyi, oʻtov uylar va dam olish uylarini tashkil etish loyihalari roʻyobga chiqariladi. Shuningdek, 72 milliard soʻmlik mablagʻ 4 ta aholi dam olish maskanlarini barpo etishga yoʻnaltiriladi.

Muallif olgan surat.

Shahrisabz tajribasi shuni koʻrsatyaptiki, mehmon uylari mehmonxona biznesining eng jozibali tarmoqlaridan biriga aylangan. Chunki chet ellik sayyohlarni koʻp yulduzli oʻta zamonaviy hamda hashamatli mehmonxonalardan koʻra, milliy uslubdagi, oʻzbekona tutumga koʻra tashkil etilgan mehmon uylari koʻproq qiziqtirmoqda. Ular ana shunday maskanlarda hordiq chiqarib, xalqimiz turmush tarzi, urf-odatlari va anʼanalari bilan yaqindan tanishishni maʼqul koʻrishyapti.

— Shuning uchun koʻhna Kesh tarixiy markazidagi mavjud 7 ta mahallada shu kabi loyihalarga koʻproq eʼtibor qaratilyapti, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohruh Jalolov. — Natijada bu shakldagi oilaviy biznesini yoʻlga qoʻyganlar 30 ga yetdi. Ular safiga tez orada yana 50 ta oila qoʻshilishi kutilmoqda. Ularga 25 million soʻmdan imtiyozli kreditlar berilayotgani oilaviy biznesini yoʻlga qoʻyishida qoʻl kelyapti.

Tadbir ishtirokchilari ana shunday mehmon uylarida boʻlib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Rashidxon Haydarov oilaviy biznesini yoʻlga qoʻygan shunday tadbirkorlardan biridir.

Muallif olgan surat.

Qadimiy hovli. Kirishingiz bilan koʻzingiz tok soʻrisi, uning tagida qoʻyilgan ikkita karavotga tushadi. Unga oʻzbekona usulda koʻrpacha solinib, xontaxta qoʻyilgan. Mehmonlar shu yerda tamaddi qilish asnosida yozgi oshxonada tandirda non yopish, oʻchoqda taom tayyorlash jarayoniga guvoh boʻladilar. Xohlashsa, oʻzlari ham oʻzbek milliy taomlarini xonadon bekasi koʻmagida tayyorlashlari mumkin.

— Bu uyni otamning bobolari qurishgan, — deydi xonadon sohibi Rashidxon Haydarov. — 200 yillik tarixga ega. Uchta xonadan iborat. Ular qurilishiga hech qanday oʻzgartirish kiritmasdan, oʻzbekona usulda jihozlaganmiz. Bir paytning oʻzida 12 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatimiz bor.

Tadbir ishtirokchilari shu kabi mehmon uylari bilan birga, “Kesh Palace” hamda boshqa zamonaviy mehmonxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?