Shahram Gʻiyosovning sakkizinchi jangi muddati maʼlum boʻldi

17:13 27 Fevral 2019 Sport
572 0

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shahram Gʻiyosov (7-0, 6 KO)aprel oyida oʻzining sakkizinchi jangini oʻtkazadi. Bu haqda GoSport.uz xabar bermoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, Shahram 26 aprel kuni navbatdagi jangi uchun ringga koʻtariladi. Hozircha unga kim raqiblik qilishi maʼlum emas. Jang Kaliforniya shtatining Inglvud shahrida joylashgan mashhur kazino markazi Forum saroyida boʻlib oʻtadi.

Eʼtiborli tomoni, mazkur boks oqshomining markaziy jangida ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasining WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va IBF kamari egasi avstraliyalik Terens Doeni (21-0, 15 KO) kamarlarni birlashtiruvchi jangda ishtirok etadi. Jang gʻolibi boshqa bir oʻzbekistonlik bokschi Murodjon Ahmadaliyevga (5-0, 4 KO) qarshi ringga chiqadi.

Inglvudda boʻlib oʻtadigan mazkur boks oqshomi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn va Thompson Boxing Promotions kompaniyasi rahbari Ken Tompson tomonidan tashkil qilinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi marta Shahram Gʻiyosov 23 fevral (Toshkent vaqti bilan 24 fevral) kuni Meksikada mahalliy bokschi Edgar Puertani (25-12-1, 19 KO) beshinchi raundda texnik nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?