Shahram Gʻiyosovga “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni topshirildi

10:32 29 Noyabr 2018 Sport
384 0

Kecha, 28 noyabr Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Olimpiya oʻyinlari sovrindori, havaskor boksda jahon chempioni Shahram Gʻiyosovni qabul qildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Shahram Gʻiyosovga xalqaro musobaqalardagi va professional boksdagi gʻalabalari hamda yurtimizda sportni ommalashtirish yoʻlidagi saʼy-harakatlari uchun “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni topshirildi.

Vazir Dilmurod Nabiyev Shahram Gʻiyosovga qoʻlga kiritayotgan yutuqlari, yurtimiz dovrugʻini dunyoga tanitish yoʻlidagi say-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirib, sportchimizning yutuqlari yoshlarimiz orasida boksga, umuman sportga boʻlgan qiziqishning ortishiga xizmat qilayotganini taʼkidladi hamda vazirlik bundan keyin ham bokschimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Xabaringiz bor, Shahram Gʻiyosov joriy yilning 25 noyabr kuni Amerika Qoʻshma Shtatlarining Atlantik-Siti shahrida boʻlib oʻtgan professional boks kechasida navbatdagi raqibi meksikalik tajribali bokschi Migel Zamudioni ilk raundayoq magʻlub etgan edi.

Maʼlumot uchun, 2016 yil Braziliyaning “Rio-de-Janeyro”da boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiada oʻyinlarining boks musobaqasida kumush medalni qoʻlga kiritgan Shahram Gʻiyosov bugungi kungacha professional boksda 6 ta jang oʻtkazgan va ularning barchasida gʻalaba qozongan, u 5 ta bahsni muddatidan oldin yakunlay olgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?