Shahram Gʻiyosov: “Riodagi kumush medalni Tokioda oltinga aylantirmoqchiman”

16:35 06 Yanvar 2020 Sport
749 0

Boks boʻyicha Rio Olimpiadasi finalchisi, jahon chempioni Shahram Gʻiyosov ham ayni paytda terma jamoamiz bilan birgalikda Angren shahri, Yangiobod bazasidagi yigʻinda ishtirok etmoqda. Professional boksdagi faoliyatini biroz toʻxtatib turgan vakilimiz Riodagi kumush medalni Tokio Olimpiadasida oltin medalga aylantirish uchun astoydil bel bogʻlagan. Eʼtiboringizga Shahram Gʻiyosovning oʻz oldiga qoʻygan rejasi va litsenzion musobaqaga olib borayotgan tayyorgarligi boʻyicha MOQ matbuot xizmatiga bergan intervyusini havola qilamiz:

– Litsenzion musobaqaga olib borilayotgan yigʻin qanday kechmoqda?

– Oʻtib borayotgan yigʻinga har bir bokschining shaxsiy murabbiylari ham jalb etilgan. Bu samaradorlikni oshirib berishi aniq. Qolaversa, Marat aka Qurbonov boshchiligidagi murabbiylar shtabi mashgʻulotlarni diqqat bilan nazorat qilib bormoqda. Yana ham asosiysi oldinda bizni sparring janglari kutib turibdi. Baʼzi vazn toifalarida yakuniy tarkibni aniqlab olish uchun yigʻindan soʻng Toshkentda sparring oʻtkaziladi. Shundan keyin Xitoydagi litsenzion musobaqada qatnashuvchi yakuniy tarkib eʼlon qilinadi.

– Xitoyga boradigan boʻlsangiz, Osiyo mintaqasida asosiy raqiblaringiz deb kimlarni ayta olasiz?

– Vaznimda Qozogʻiston, Hindiston va yaponiyalik bokschilar hozirda ancha tajriba orttirishgan. Avval ular bilan jang qilib, gʻalaba qozonishga ham muvaffaq boʻlganman. Biroq faoliyatimning oxirgi 2 yili professional boksda boʻlib, havaskor boksdan biroz uzoqlashdim. Mana endi yana murabbiylarim bilan bu yoʻnalishda ham astoydil ishlayapmiz. Nasib boʻlsa, Riodagi kumush medalni Tokioda oltinga aylantirmoqchiman.

– Shunday fikr bor: havaskor boks professionaldan koʻra qiyin. Siz bunga qanday qaraysiz?

– Toʻppa-toʻgʻri. Bular ikkisi xuddi boshqa-boshqa sport, desayam boʻladi. Sababi havaskor boksda mashgʻulotlar, yuklamalar hammasi boshqacha. Havaskor boksda jang 3 raundda yakuniga yetadi va barcha eʼtibor tezlikka qaratiladi. Professional boksda esa uchinchi raunddan soʻng temp berishni boshlaymiz. Ichimda Olimpiadada oltin medalni qoʻlga kiritish armoni qolib ketayotgan edi. Ustozlarim shunday niyatimni amalga oshirish uchun imkon berishdi va bundan samarali foydalangan holda xalqimizni xursand qilishga vaʼda beraman.

Maʼlumot uchun, Yangiobod yigʻini 14-yanvar kuni nihoyasiga yetadi va terma jamoamiz bir necha kun oʻtgach Xitoyga yoʻl oladi. Uxan shahri 2-15-fevral kunlari boks boʻyicha Osiyo qitʼasi uchun Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi musobaqaga mezbonlik qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?