Shaharsozlik kodeksi yangi tahriri loyihasining bir nechta bandlari nega deputatlar eʼtiroziga sabab boʻldi?

04:27 23 May 2020 Siyosat
107 0

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining videokonferensiya tarzidagi navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda fraksiya deputatlari tomonidan dastlab, “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonuni loyihasining ikkinchi oʻqishga tayyorlangan matni bandma-band tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi.

Deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, mazkur loyihada qurilishni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy funksiyalari, normativ-texnik hujjatlarni joriy etish, loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, qurilish obyektlarining foydalanishga qabul qilish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish tartibiga alohida eʼtibor qaratish belgilangan.

Qonun loyihasining bir nechta bandlari deputatlar eʼtiroziga sabab boʻldi. Xususan, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar va jamoatchilikning ishtiroki masalasi loyihada yetarlicha ochib berilmagan. Amaliyotda esa aksariyat hududlardagi “qizil chiziq” masalasi koʻplab muammolarni keltirib chiqarayotgani, ushbu atama doirasida olib borilgan noqonuniy ishlar koʻplab fuqarolarning davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini tugʻdirgani kabi holatlar kuzatilib turibdi.

Deputatlar shuningdek, loyihada shaharsozlik faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi masalalari ham yetarli darajada berilmaganligini tanqidiy baholashdi. Bugungi jadal rivojlanayotgan, raqamli iqtisodiyot ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bir davrda sohaga oid elektron maʼlumotlar bazasini mavjud emasligi, ochiq axborot portalidan foydalanish va maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlash masalalari loyihada yechimini topmagan. Bu esa sohaga korrupsiyaning aralashuviga yoʻl ochishi mumkinligi aytib oʻtildi.

Yana bir muhim masala – shaharsozlik hujjatiga kiritilayotgan oʻzgartirishlarni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish masalasi, yoki muhokamadan oʻtkazish zarurati boʻlmasa hujjatlarni koʻrib chiqmaslik holatlari ham yetarlicha ochib berilmagan. Bu esa oʻz navbatida buyurtmachi tomonidan jamoatchilik manfaatiga zid ravishda turli obyektlarni qurishdan avval jamoatchilik tomonidan ilgari surilgan fikrlarni asoslantirmagan holda rad etish imkonini beradi. Shu bilan birga jamoatchilik subyektlarining huquqlari cheklanishi olib kelishi mumkinligi taʼkidlandi.

Deputatlar shuningdek, aholi punktining bosh rejasiga bagʻishlangan moddani ham qayta koʻrib chiqish taklifini kiritdi. Taʼkidlanganidek, aholi punktining bosh rejasini amalga oshirish muddati aniq belgilanmagan. Ushbu holatda bosh rejani toʻliq amalga oshirish boʻyicha qatʼiy muddat boʻlmasa, rivojlanish bosqichlarini amalga oshirishda ziddiyatlarga olib keladi. Bu esa hududning rivojlanishi, investitsiyalarni jalb etish, aholini ish bilan taʼminlashda turli muammolar yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Fraksiyaning ushbu pozitsiyasini qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda ishchi guruhi tomonidan eʼtiborga olish zarurligi taklif etildi.

Fraksiya yigʻilishida shuningdek, 2020-2021-yillar uchun Universal davriy hisobot doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Uchinchi milliy maʼruzasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha BMTning Inson huquqlari boʻyicha Kengashining tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakat rejasi loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, mazkur reja avvalo mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlashga xizmat qiluvchi muhim dastur sifatida xizmat qiladi. Unda belgilangan vazifalarni bajarish doirasida qator huquqiy hujjatlar ham ishlab chiqiladi. Ayniqsa, Oʻzbekiston aʼzo boʻlmagan xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilishning maqsadga muvofiqligi masalasi keng oʻrganilishi belgilanmoqda. Buning doirasida inson huquqlari sohasida xalqaro tajribaning ijobiy tomonlari hayotimizga kirib keladi.

Shuningdek, rejada BMTning xotin-qizlarning Odil sudlovga kirishini taʼminlash boʻyicha qoʻmitalari tavsiyalarini amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish masalasiga deputatlar alohida ahamiyat qaratishdi. Fraksiya deputatlari eʼtirof etganidek, mamlakatimizda advokatlar tomonidan ayollarga koʻrsatiladigan yuridik xizmatlar uchun haq toʻlash mexanizmini ishlab chiqish, sudlarda erkaklar va ayollarning teng huquqliligini buzishga oid ishlarni koʻrib chiqishda ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanishi masalalari adolatli tamoyilligi qayd etildi.

Yigʻilishda shuningdek, Oʻzbekiston turli milliy harakat rejalari va davlat dasturlarini amalga oshirish faoliyatini muvofiqlashtirish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan, xalqaro majburiyatlarni hisobga oladigan inson huquqlari boʻyicha keng qamrovli milliy harakat rejasini qabul qilish masalasining ham dolzarbligini taʼkidlandi.

Fraksiya deputatlari mazkur reja loyihasini koʻrib chiqishda partiyaning Saylovoldi dasturidan kelib chiqib oʻz takliflarini ham ilgari surishdi. Xususan, rejada keltirilgan bandlarni amalga oshirish mexanizmlari va belgilangan tadbirlarga yana-da aniqliklar kiritish, koʻtarilayotgan masalalarning natijadorligi masalasini ham yoritish lozimligi aytib oʻtildi. Shuningdek, vazifalarni ijro etish muddatlarini aniq belgilash zarurligi taʼkidlandi. Chunki aniq muddat ijro intizomi taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Yigʻilishda muhokama etilgan masalalar boʻyicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda taklif va munosabatlar bildirib oʻtishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?