Shaharlarimiz qiyofasida oʻzligimiz namoyon boʻlsin!

14:05 22 Sentyabr 2018 Jamiyat
1903 0

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari dunyo ahli eʼtiborida. Shaharu qishloqlarimiz qiyofasi tubdan oʻzgaryapti. Shunisi ahamiyatliki, hududlarning obod, fayzli, zamonaviy boʻlishi uchun barcha soha vakili astoydil intilmoqda. Buni shaharlarimizda paydo boʻlayotgan art-bezaklar, dekorativ haykallar, vektor-dizaynlar misolida koʻrib turibmiz. Biroq, afsuski, ularning hammasini ham didimizga, mentalitetimizga, oʻzligimizga mos, deb boʻlmaydi.

Vatan ichra katta uyimiz
Keyingi oylarda Toshkentda paydo boʻlgan yangi art-obyektlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Ularning azim kentimiz qiyofasiga mos tushmagani haqida tanqidiy mulohazalar bilan birga, “zamonaviylik”, “dunyo bilan boʻylashish” belgisi ekani toʻgʻrisidagi fikrlar ham yangradi. Biz bu borada oʻz mushohadalarimizni bildirishga qaror qildik.

Avvalo, yangi art-obyektlar haqida. Ularning ijodkorlari poytaxtimizga bugungi dunyo sanʼati, arxitekturasidagi eng soʻnggi anʼanalarga suyangan holda oʻziga xos modern manzara olib kirmoqchi boʻlishmoqda. Bu intilish tahsinga sazovor. Ammo gap shundaki, ushbu art “asarlar” ham ruhan, ham maʼnan, ham semiotik, ham tafakkur nuqtai nazaridan milliy mentalitetga xos emas. Aynan shuning uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi eʼtirozlarga koʻra, aksariyat kishilar bu “noyob” kompozitsiyalarni qabul qilolmayapti. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, har qanday asar, modern, postmodern, abstrakt yoki avangard usulida boʻladimi, milliy tafakkur tarziga, voqelikni milliy anglash holatiga asoslanmas ekan, u nafaqat biz, mahalliy aholi uchun, balki obyekt ijodkorlari koʻzda tutgan shahrimizga kelayotgan mehmonlar uchun ham tushunarsiz va begona boʻlib qolaveradi.

Mamlakatimizga tashrif buyurayotganlar allaqachon ommaviylashib boʻlgan usuldagi “art mahsulotlar”ni emas, balki milliy ruh, milliy tafakkur tarzi, milliy madaniyat unsurlari barq urib turgan, milliy dizaynga ega shaharlarni koʻrishni istaydi. Ularga shu jihati qiziq. Bu —fakt! Shuning uchun ham kentlarimiz qanchalik milliy ruhda bezatilsa, ularda qanchalik milliy ruhdagi “art-obyektlar” koʻp boʻlsa, shuncha umuminsoniy, umumbashariy mazmun kasb etaveradi. Bu — sanʼatda ham, madaniyatda ham aksioma! Mazkur talabni tushunmaslik yoki mensimaslik, umuman sanʼatni va madaniyatni tushunmaslik bilan barobar.

“Art-obyekt” mavzuiga qaytadigan boʻlsak, bizningcha, bu yerda xuddi ana shu narsa — milliy ruh, milliy semiotika ornamentlari yetishmayapti. Agar razm solsangiz, bironta manzarada milliy kolorit, milliy fikrlash mahsuli boʻlgan chizgini koʻrmaysiz. Vaholonki, oʻarbda paydo boʻlgan modernizm uslubi ham oʻarb tafakkur tarzi ustiga qurilgan. Ayni sababdan ham bu usul ularga tushunarli, hazm va qabul qilish oson kechgan. Har qanday modern uslubdagi asarda oʻarb ruhiyati, xususan, qadim madaniyati ornamenti, belgisi, timsoli bilinib, koʻrinib, asos boʻlib turadi. Muhokama qilinayotgan art-obyektlarda esa buning aksini koʻramiz: fikrlash tarzi, ornamentlar bizga yot, begona. “Endi abstrakt tasavvur mahsuli-da”, deb oʻzimizni ovutmaylik, hatto kapalak tasviri ham bizga “yuqmaydi”. Afsuski, barcha sohani oʻziga boʻysundirib olayotgan globallashuv milliy madaniyat, milliy anʼanalar, milliy muhitni yoki chetlab, yoki eʼtiborsiz oʻtishni oʻrgatmoqdaki, shu jihati bilan milliy oʻzlik, milliy madaniyat, milliy qadriyatlarga daxl qilmoqda. Bu yerda ham ana shu jarayonning taʼsiri sezilyapti.

Xalqimizda “Chirogʻi yoniq uy” degan tushuncha bor. Buning tagida butun boshli qarashlar, udumlar, xalqimizning makon va maskanni muqaddas deb bilgan qadriyati tajassumi yotadi. Ajdodlarimiz “uy” deganda faqat boshiga pana boʻluvchi inshootni tushunmagan: “uy”ga butun boshli tushunchalar, falsafalar, qadriyatlar, eng muhimi, eʼtiqod koʻzi bilan qarashgan. Xususan, boshpana faqat oʻzlari emas, balki ajdodlar, ota-bobolar ruhi, farishta va ilohlar ham yashaydigan, oilani yovuz kuchlardan, yovuz niyatlardan, yovuz ruhlardan asraydigan makon — katta olam ichidagi kichik olam, kichik ilohiy maskan deb tasavvur qilingan, shuning uchun ham muqaddas sanalgan. Tabiiyki, uydagi har bir bezak shu qarashdan kelib chiqqan, shu eʼtiqodni namoyon qilib turgan. Zotan, Vatan eng katta uyimiz boʻlsa, uning poytaxti — Vatan ichra katta uyimiz, mamlakatimiz, oʻzligimiz ostonasi, milliy madaniyatimiz, milliy tayanchlarimizni koʻz-koʻz qiladigan asosiy sahna.

Qadriyatlarimizni ulugʻlaylik
Yurtimizda qadimiy shaharlar juda koʻp: Surxondaryodan tortib, Qoraqalpogʻistonu Fargʻonagacha boʻlgan hududda yoshi 2000 — 3000 yillikka taqaladigan, tuproq ostida qolgan oʻnlab qadimiy kentlarimiz topilmoqda. Ular xalqimizning shaharsozlik madaniyati haqida yetarlicha maʼlumotlar beryapti. Muhimi, bu joylarning har bir gʻishtidan tortib, koshinigacha maʼlum bir maqsad va hikmat bilan qoʻyilganiga amin boʻlmoqdamizki, bu xil tarixiy maskanlarimiz ajdodlarimizning faqat iqtisodiy-meʼmoriy, ishlab chiqarish rivojini emas, balki tafakkur tarzi hamda maʼnaviy sohada erishgan yutuqlarini, soddaroq qilib aytsak, imon, eʼtiqod, ezgulik va yovuzlik, hayot hamda abadiylik haqidagi qarashlarini ham koʻz-koʻz qilib turgani bilan ahamiyatlidir. Shaharlarimizdan topilgan semiotik osoriatiqalar ajdodlarimizning bizga moddiy koʻrinishda qoldirgan hikmatlari va bitiklaridir.

Semiotika maʼlum bir xalqning eng qadimgi va zamonaviy belgilarga muhrlangan timsollar tizimini oʻzida aks ettiradi. Shu maʼnoda, bu xil belgilar milliy oʻzlik, xususan, milliy tafakkur tarzi bilan bevosita bogʻliq. Ana shu jihatiga koʻra, Yu. Lotman, Ch. Pirs kabi faylasuflar ularni “milliy xususiyatlarni tashuvchi belgilar” ham deb atashgan. Shuning uchun milliy semiotika bugungi kunda shaharsozlik madaniyatining, shaharlar dizaynining ajralmas qismi, asosi boʻlib qolmoqda.

Milliy kashtachiligimiz, gilamdoʻzligimiz, doʻppidoʻzligimizdagi naqshu nigorlarning oʻziyoq butun boshli semiotik ansamblni tashkil qiladi. Ularga ajdodlarimizning oʻlmas hikmatlari jo boʻlgan. Xalq amaliy sanʼati aslida harflarsiz yozuvlardir. Ularni oʻqish, anglash, zamonaviy isteʼmolga olib kirish davr talabi. Misol uchun, bodom guli ramzi oʻzbek doʻppilarining asosiy bezagi. Aynan shu sayqalni Xitoyning Ini hamda Yani kabi ibtido va intiho, azal-abad uygʻunligi tarzida sharhlovchilar bor. Yoki doʻppimizdagi belgilarni kosmogonik qarashlar timsoli sifatida qabul qiluvchilar ham mavjud. Umuman, xalqimiz amaliy sanʼati, naqshu nigorlari, osoriatiqalarining oʻzi bir kitob. Unda olam va odam haqida koʻplab hikmatlar bor. Bu belgi hamda timsollarni tushunmaslik, bilmaslik, eʼtibordan chetda qoldirish —ularning eskirib ketganini, mohiyati yoʻqolganini bildirmaydi. Aslida milliy naqshu nigorlar, osoriatiqalar, yaʼni semiotik belgilar milliy sanʼat, adabiyot, madaniyatning, jumladan, bugungi milliy shaharsozlik bezaklarining, dizaynining ham asosi sanaladi.

Milliy ruh sezilib turishi zarur
Har bir mehmon, ayni paytda shu yurt fuqarosi ham London manzaralarida ingliz, Rimda italyan, Tokioda yapon, Dehlida hind, Rio-de-Janeyroda portugal-ispan va hindularning qorishiq madaniyatini, Mexikoda meksikancha koloritni, ruhni his qiladi. Poytaxtlardagi har detal, har bir manzara, koʻrinishning oʻziyoq sizga shu mamlakat, oʻsha xalq haqida yetarlicha tasavvur beradi. Modern sanʼat va adabiyotda yetakchi boʻlgan Parij hamda Madridda omma uchun oʻrnatilgan avangard haykallaru mahobatli sanʼat namunalarida ham shu davlatlarning milliy qiyofasi boʻrtib turganini koʻramiz.

Agar Pekinga borgan boʻlsangiz, shaharning illyustrativ dizayni asosida Xitoy milliy qadriyatlari, urf-odatlari, mifologik va xalq qahramonlari, xalq ogʻzaki ijodi obrazlari, amaliy sanʼat naqshu nigorlari, milliy semiotik belgilarning zamonaviy talqinlariga — interpretatsiyasiga duch kelasizki, modern, abstrakt, avangard manzaralarda ham Xitoy milliy ruhini his qilib turasiz.

Istanbulda art-obyektlarni qoʻyib turaylik, hatto dunyoning ishlab chiqarish standartiga toʻliq boʻysundirilgan sim-yogʻochlaru chiroqlar ham turkiy xalqlar, jumladan, turk xalqining azaliy madaniyati, azaliy qarashlari, ildizlarini namoyon etib turadi. Bu shahardagi art-kompozitsiyalar ham qadimgi semiotik belgilar, naqshlarning zamonaviy talqinidan iborat. Oddiy bir chizgisi ham oʻzining turk madaniyatiga daxldor ekanini eslatib, turkiyaliklarga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Gonkong esa xitoy fenshuyi — “shamol va suv” uygʻunligi shaklida qurilgan. Keyingi yuz ellik yilda qanchalik gʻarblashmasin, u har bir manzarada oʻzining sharqona qiyofasini, dizaynini, manzarasini saqlab qolgan.

Bu sanoqni xohlagancha davom ettirish mumkin. Faqat bu sanoqda bizning shaharlarimiz, xususan, bosh kentimiz — Toshkent ham turishini istaymiz.

Yana oʻsha art-obyekt haqida...
Art-obyektdan mustahkam joy olgan yurak timsoli bir paytlar shoʻro tuzumi yoshlarining “erkin muhabbat” ramzi edi: uni daraxtlarga, daftarlarga, simyogʻochlarga oʻyib yozishardi.

Bu timsol, aslida, avliyo Valentin kuni timsollari bilan chambarchas bogʻliq. Biz Valentin kunining, umuman, bu xil “muhabbat izhorlari”ning milliy mentalitetimizga yot ekanini gapirib, targʻib qilayotganimizda shahrimizdan tashviqotimizga, qolaversa, mafkuraviy siyosatimizga zid boʻlgan art-kompozitsiyalar joy olayotganiga nima deysiz? Bir kunda bu “yuraklar” ostidan Valentin kuni ruhini boshdan kechirib, nechta yigit-qiz oʻtadi, ulardan qanchasining koʻngliga bu “yurak” oʻz taʼsirini oʻtkazadi ekan?

Faqat bu emas, boshqa art-kompozitsiyalar ham milliy tafakkur tarzimizdan uzoq, ularni koʻrganda yo hech narsa tushunmaymiz yoki bizga yotligini bildirib turgan manzaradan dilxiralik uygʻonadi. Holbuki, shaharsozlikda bu xil art-kompozitsiyalar yoshlarda, umuman, fuqarolarda Vatanga, millatga, xalqqa, uning madaniyatiga, ona shahriga muhabbat va gʻurur uygʻotishi, insonparvarlik, vatanparvarlik, xalqparvarlik, millatparvarlik gʻoyalarini targʻib qilishi, eng asosiysi, omma uchun birdek tushunarli boʻlishi kerak. Kommunikatsionlik — shahar bezaklari, umuman, shahar madaniyatining birinchi talabi. Bunga javob bermagan asarlarni, qanchalik ohanraboli, qanchalik badiiy, qanchalik chuqur mazmunli boʻlmasin, yaxshisi koʻrgazmada yoki muzeyda koʻrgan afzal.

Xoʻsh, nega shahrimizni bezashda milliy asoslarimizga — milliy merosimizga murojaat qilmay, viqor va goʻzallikni boshqa yerdan izlayapmiz? Buning uchun nima kerak? Aslida, koʻp narsa kerak emas. Bor-yoʻgʻi milliy madaniyatdan, milliy semiotikadan xabardorlik, vatanparvarlik, oʻz tarixi, oʻz madaniyatidan gʻururlanish xohish-istagi! Shu xolos! Bu borada bizga amaliy sanʼatimiz naqshu nigorlari, ornamentlari, xalq ogʻzaki ijodi qahramonlari, mifologik obrazlar, eng muhimi, bugun muzeylarni bezab turgan qadimgi shaharlarimiz osoriatiqalari, umumlashtirib aytganimizda, milliy semiotikamiz hamisha madadga tayyor turibdi.

Milliy belgilarimiz, timsollarimizni zamonaviy koʻrinishda, bugungi shaharsozlik talabi boʻlgan modern talqinda shaharlarimizning vizual va illyustrativ manzaralariga tatbiq etishimiz mumkinmi? Mumkin, albatta. Bu bilan biz koʻp narsa yutamiz. Jumladan, shahrimizga tashrif buyurganlarga milliy madaniyatimizni targʻib qilgan boʻlamiz, Vatan madaniyatidan iftixor tuygʻusini kuchaytiramiz, yoshlarning milliy semiotikamiz timsollariga yashiringan oila, uy, Vatan, olam, odam haqidagi hikmatlarni anglashlariga, qolaversa, milliy madaniyat, milliy muhit, yaʼni milliy oʻzlik ruhida tarbiyalanishiga beqiyos xizmat qilgan boʻlamiz.
Nazar ESHONQUL.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?