“Shaffof qurilish” tizimi nima?

16:11 11 Fevral 2020 Iqtisodiyot
171 0

Odamlar turmush sharoitlari yaxshilanishida qurilish sohasining ham oʻz oʻrni bor. Binobarin, davlatimiz rahbari bir qator chiqishlarida mamlakatimizdagi qurilish ishlarini jadallashtirish, bu jarayonda, avvalo, sifat va samaradorlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratib, qurilishni korrupsiyasiz sohaga aylantirish, shaffoflikni kuchaytirish, axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar bergani bejiz emas. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida shular xususida soʻz yuritildi.

Qayd etildiki, bugungi kunda vazirlik tomonidan bir qator elektron dasturlar ishlab chiqilmoqda. Xususan, qurilish sohasida korrupsiya va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichida jamoatchilik uchun shaffoflikni taʼminlash maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ustida ish olib borilyapti.

Xoʻsh, ushbu tizim va qanday afzalliklarga ega?

Mutaxassislarning aytishicha, bu orqali obyektlar qurilishini moliyalashtirishda pudratchi bilan buyurtmachi oʻrtasida shartnoma imzolanganligi va avans mablagʻlari toʻlanganligi, oyma-oy bajarilgan ishlarning hisobotini yuritish hamda bajarilgan ishlarga nisbatan mutanosib ravishda moliyalashtirilganligi toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotlarning elektron bazasi shakllantiriladi.

Unda, shuningdek, obyektlar qurilishida ishtirok etayotgan barcha pudratchi va yordamchi pudratchilar haqida maʼlumotlarni yigʻish, bajarilgan ish hajmlari asosida toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ish turlari boʻyicha maʼlumotlar aks ettiriladi.

Tizim qurilish jarayonini nazorat va monitoring qilishda ularni roʻyxatga olish, hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tekshiruvlarini va koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni qayd etish, ularni bartaraf etish boʻyicha maʼlumotlar oʻz ichiga oladi.

Qurilish nazorati toʻliq raqamlashtiriladigan boʻlsa, nazorat inspektorlariga ham qulaylik tugʻdiradi. Shuningdek, vazirlik inspektorlar faoliyatini toʻliq nazorat qilishi taʼminlanadi. Natijada korrupsiyaning oldi olinib, jarayon shaffoflashadi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkor-pudratchilar faoliyatining ham yengillashishiga xizmat qiladi. Ortiqcha sarsongarchilik va qogʻozbozlikka barham beriladi.

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi 2021-yil 1-yanvarga qadar respublikamizning barcha hududida real vaqt rejimida ishlay boshlaydi.

Bundan tashqari, sohaga “Shaharsozlik kadastri” Geoaxborot tizimi ham joriy etiladi. Ushbu tizimga Oʻzbekiston Respublikasining bosh rejalari joylashtiriladi, u joriy yilning 1-martidan ishga tushiriladi.

Yana bir maʼlumot, vazirlik rasmiy saytida “qurilish jarayoni kalkulyatori” joylashtirilishi rejalashtirilgan. Istagan kishi, u investor boʻladimi yoki mahalliy tadbirkor undan xohlagan vaqtida foydalanishi mumkin. Deylik, biror bir obyekt qurmoqchi. Buning uchun ishni nimadan boshlash kerak, qanday bosqichlardan oʻtiladi, yoki qaysi hujjatlar talab etiladi, qoʻyingki sarflanadigan mablagʻ va vaqt ham unda aniq koʻrsatiladi.

Ushbu oʻzgarishlarning barchasi qonunchilikda ham oʻz aksini topadi. Bu boradagi ishlar 2025-yilga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?