“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi: nazoratni raqamlashtirish — asosiy maqsad

17:34 19 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
145 0

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida shahar va qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirish, bunyodkorlik ishlarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish muhim ahamiyatga ega. Prezidentimizning 2019-yil 19-sentyabrdagi “Qurilish sohasida axborot-texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tizimdagi ishlar koʻlamini ana shu talablar asosida rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi hamda Fargʻona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi hamkorligida tashkil etilgan amaliy seminar mazkur qaror mazmun-mohiyatiga bagʻishlandi. 

Fargʻona shahrida yangidan qad rostlayotgan Mustaqillik mavzesida boʻlib oʻtgan amaliy seminarda viloyatdagi qurilish tashkilotlari rahbarlari, loyihachilar va buyurtmachilar ishtirok etdi.

Seminar qatnashchilariga Mustaqillik mavzesida yangi qurib bitkazilgan 16 qavatli uylarni bunyod etishda qoʻllanilgan yangi usullar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, Fargʻona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi qoshida tashkil etilgan qurilish-sinov va bino-inshootlarning texnik holatini oʻrganish laboratoriyasida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar borasida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishdi.

Qurilish vazirligining qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshligʻi Hikmatjon Murodov, Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Dilshodjon Hojiahmedov, Fargʻona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshligʻi Saidjon Zokirovlar elektron tizimning afzalliklari, qurilish sohasida tadbirkorlarga qoʻyilayotgan yangi talablar haqida yigʻilganlarga batafsil maʼlumot berib oʻtdilar.

Amaliy seminar davomida tadbir qatnashchilari uchun maxsus koʻrgazmali vositalar burchagi tashkil etilib, mavzu yuzasidan savol-javoblar oʻtkazildi.

B. MADIYOROV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?