Sessiyada Ohangarondagi sustkashliklar haqida ochiq-oydin gapirildi. Yechimlar haqida-chi?

11:29 10 Oktyabr 2020 Jamiyat
285 0

2020-yil 9-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati ishchi guruhi ishtirokida Toshkent viloyati Ohangaron tuman Kengashining navbatdagi XV sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda, viloyat hokimligi mutasaddilari, tuman Kengashi deputatlari va faollari, sektor rahbarlari hamda OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Hududlar iqtisodiyotini barqarorlashtirish, yangi ishchi oʻrinlari yaratib aholi turmush farovonligini yuksaltirish bevosita kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga bogʻliq ekanligi ushbu sessiyadagi muhokamalar jarayonida yana bir bor oʻz isbotini topdi. Chunki mamlakatimiz rahbarining shu yil 24-sentyabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida bu masalalar yechimi ochiq-oydin koʻrsatib berilgandi. Ushbu yigʻilishda taʼkidlanganidek, bu sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan Prezident farmon va qarorlari ijrosi qayerda sust boʻlsa, oʻsha yerda taraqqiyot ortda qolmoqda. Xususan, yangi korxonalar ochish, ularni barqaror ishlashini taʼminlash, sifatli ayni paytda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish borasida hokimlar va sektor rahbarlarining ishchanligi yetishmayapti. Bu mezonlar Aynan Ohangaron tumaniga ham tegishlidir. Chunki tumanda beqiyos imkoniyatlar mavjud boʻlishiga qaramasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi natijalariga koʻra tuman “qoniqarsiz” deb topilgan 33ta hududdan biriga aylandi. Shu bois, bu yerdagi mavjud salbiy holatlarni bartaraf etish uchun yil yakuniga qadar va kelgusi yilning birinchi yarmida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, muhokama uchun ushbu sessiya kun tartibiga kiritildi. Ular muhokamasi jarayonida sektor rahbarlarining axboroti tinglanib, kelgusidagi “yoʻl xaritalari” taqdim etildi.

Xoʻsh, Ohangaron tumani nega bunday ahvolga tushib qoldi? Holatni oʻnglashda tuman Kengashi deputatlari nega sustkashlikka yoʻl qoʻydilar? Keling yaxshisi, bu va boshqa savollar tahlili jarayoniga nazar tashlaymiz.

Tumanni 2019-yil iyun oyidan beri boshqarib kelgan sobiq hokim Abduvohid Turdiboyev faoliyati davomida hududni rivojlantirishga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻldi. Shu tufayli joriy yilning 16-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari XIII sessiyasida u oʻz lavozimidan ozod etildi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari ijrosi bilan tanishish maqsadida tuman hokimi qabuliga kirolmasdan xunobimiz chiqqanida, sobiq rahbarning xurmacha qiliqlarini koʻrib yoqa ushlagandik. Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi boʻla turib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati gazetasiga qoʻl siltagani, uning Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha muovini Mirzobek Tashbayevning oylar davomida bizga yolgʻon vaʼdalar berib kelganligi ularning oyogʻi yerdan uzilganligini koʻrsatgandi. Oʻshanda hokim bizga maʼlumotlar berishdan ochiq-oydin bosh tortib: “Tumanni yoritishingiz shart emas” degandi. Uning bu sovuqqonligi sababini hokimlik binosi tepasiga ilingan mamlakatimiz ramzi boʻlmish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi yirtilib ketgan boʻlsa-da, maʼyus hilpirab turganini koʻrgach angladik. Bu holatni fotomuxbirimiz Hasan Paydoyev oshkora suratga olgach, ular gʻimirlab qolishdi va ertasi kuni bayroqni yangisiga alishtirib qoʻyishdi. Lekin hokim eskirgan ish uslubini va tuman xalqiga boʻlgan hurmatini yangila olmadi. Shu tufayli oradan koʻp vaqt oʻtmay ishdan olindi.

Tuman kengashining XV sessiyasida soʻzga chiqqan tuman hokimining birinchi muovini Mirshohid Miryunusov ana shunday qoʻpol xato va kamchiliklarda hokimlik mutasaddilari hamda tegishli masʼul shaxslarning aybi borligini taʼkidlab, hudud aholisi hamda deputatlardan kechirim soʻradi.

Tumandagi sustkashliklarning ikkinchi jihati shundaki, ishlab chiqarilgan hududiy sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga nisbatan hisoblanganda 1 983,5 ming soʻmni tashkil etib, viloyat koʻrsatkichidan 1,7-marta kam boʻlmoqda. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan xizmatlar hajmi esa, viloyatda 21-oʻringa tushib qolgan. Chakana savdo hajmi 20-oʻrinda turibdi. Jon boshiga isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish koʻrsatkichi viloyatda 19-oʻrinni egallaydi. Aholining ishsiz qatlami miqdori hamon yuqoriligicha qolmoqda. Hudud sanoati cheksiz imkoniyatlarga ega boʻlishiga qaramasdan, bor-yoʻgʻi 2,2 foiz mahsulot eksportga yoʻnaltirilgan xalos. Tegishli sharoit va eʼtibor yoʻqligi bois, tadbirkorlik subyektlarining 57 foizi oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Roʻyxatdan oʻtgan 927ta tadbirkorlik subyektlarining 543 tasi faoliyat yuritmagan va “nol” hisobot topshirgan.

Hokimlik mutasaddilarining aholi bilan yuzma-yuz ishlash, ularning dardi, tashvishi, kamchilik va muammolari bilan yashash tamoyillari eskirganligi bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va Xalq qabulxonalari orqali mahalliy davlat hokimiyati organlariga kelib tushgan murojaatlarning 32 foizi qanoatlantirilgan xalos.

Xizmatlar koʻrsatish sohasidagi muammolarning oʻz vaqtida bartaraf etilmagani ham aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Masalan, bugungi kunda tumandagi 275,5 gektar maydonni egallagan 17ta oromgoh va dam olish maskanlari mavjud. Ularning 8 tasi Qurama togʻ tizmasida, 5tasi Fargʻona vodiysi yoʻli boʻyidagi Ugom-Chotqol togʻ tizmasida, 4 tasi esa, Ohangaron daryosi atrofida joylashgan. “Sanam” MFYdagi archazorlar bilan oʻralgan hududdagi 5ta dam olish oromgohi, jumladan, 51 gektar maydonni egallagan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Moviy togʻlar” dam olish maskani imkoniyatidan hanuzgacha toʻliq foydalanilmayotir. U yerdagi sobiq ittifoq davrida qurilgan 12 ta kemping jiddiy taʼmirga muhtoj holatda. Hududdagi “Archa” (1996-yilda yopilgan), “Yulduzcha”, «Bekobodtemir» oromgohlarida ham tegishli sharoit yoʻq. 17 gektar maydonni egallagan “Garden camp” dam olish maskanining bor-yoʻgʻi 30 foizidan foydalanilmoqda xolos.

Tuman iqtisodiyotini rivojlantirish, eko-agro turizmni, tibbiy sogʻlomlashtirish tizimini, mehmon uylari sohasini, togʻ-changʻi sporti va ekstremal turizmni taraqqiy ettirishga xizmat qiluvchi imkoniyatlar qurama togʻ tizmasining archazorlar bilan burkangan «Ovjazsoy» hududidagi 500 gektar, Ugom-Chotqol togʻ tizmasining «Ertoshsoy» oqimidagi 12 kilometr masofada joylashgan 300 gektar hamda Ohangaron daryosi boʻyidagi “Aqcha” hududidagi 200 gektar maydonlarda mavjud boʻlsa-da, bu boradagi ijobiy natijalar negadir haligacha koʻzga tashlanmaydi.

Yoʻl boʻyi xizmat koʻrsatish infratuzilmasi barpo etish uchun tuman hududidan oʻtuvchi A-373 avtomagistral yoʻlning 114 kilometrlik qismi ikki tomonidagi jami 78,7 gektar lalmi, 128 gektar yaylov maydonlarda yangi investitsiya loyihalariga tashabbuskorlar haligacha aniqlanmagan. Boʻsh turgan bino-inshootlar va yer maydonlaridan samarali foydalanish takliflarini ishlab chiqish holatlari ham qoniqarli emas.

Angren EIZsining Ohangaron tumanidagi hududida boʻsh turgan 217 gektar yerga, shuningdek, “Eyvalek”, “Telov”, “Yonariq” MFYdagi jami 14 gektardan oshiqroq maydonlardagi kichik sanoat zonalariga yangi loyihalar joylashtirish ham bugun zaruriyatga aylanmoqda.

Tuman hokimligi mutasaddilari zimmasida chorvachilik yoʻnalishida 100 ta, bogʻdorchilikda 20 ta, baliqchilikda 17 ta, qurilish materiallari sanoati borasida 29 ta, oziq-ovqat sanoatida 14 ta, toʻqimachilik sanoatida 10 ta, charm-poyabzal ishlab chiqarish sohasida 6 ta, turizm yoʻnalishida 23 ta va yana boshqa tarmoqlar boʻyicha 78 ta turli xil loyihalar ishlab chiqish masʼuliyati mujassam.

Tuman Kengashining sessiyasida mavjud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturi deputatlar tomonidan tasdiqlanib, bu haqda tuman Kengashining tegishli qarori qabul qilindi. Biroq, yil yakunlanmoqda. Bu yerdagi rahbarlardan, deputatlardan soʻz va ish birligini, tashabbus va tajribani talab etadigan bu vazifalarning ijrosi ishonchli qoʻllarga oʻtmas ekan bu borada aniq bir fikrni aytish qiyinga oʻxshaydi...

Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?