Sessiyada “0” hajmda hisobot topshirish holatlari ham anchagina ekanligi aytildi

18:04 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
109 0

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati, tuman va shaharlar Kengashlarining audioselektor tarzidagi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda dastlab viloyatda xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha ishlarni faollashtirish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

Mazkur masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati B. Artikovning axboroti tinglandi.

Taʼkidlandiki, viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan samarali ishlar bilan birga bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud. Xususan, faoliyati toʻxtab turgan subyektlar haqida gap borar ekan, oʻrganishlarda bunga asosan moliyaviy yetishmovchilik, ijara va boshqa omillar sabab boʻlayotganligi aytildi.Shuningdek, “0” hajmda hisobot topshirish holatlari ham anchagina.

Viloyatda 2019-yilda 3757 ta biznes subyekti tashkil etish belgilangan. Joriy yilning 1-sentyabr holatiga bu reja 50, 1 foiz bajarilib, 1885 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat boshlagan.Bu boradagi ahvol ayniqsa, Sayxunobod, Oqoltin va Boyovut tumanlarida qoniqarsiz ekanligi taʼkidlandi.

Sessiyada “Yoshlar -kelajagimiz”davlat dasturi ijrosi,kredit, “Biznes inkubator”lar faoliyatini keng yoʻlga qoʻyish, yangi tashkil etilayotgan korxonalarni malakali mutaxassislar bilan taʼminlash va kun tartibidagi masalaga oid boshqa vazifalar xususida ham atroflicha fikr yuritildi.Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan mutasaddi idoralar va tashkilotlar, siyosiy partiyalar guruhlari , tadbirkorlar vakillarining taklif va mulohazalari eshitildi.

Shuningdek, sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomi va bu borada tasdiqlangan chora –tadbirlarni amalga tatbiq etish boʻyicha bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar ham koʻrib chiqildi.

Har ikkala masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov, Oliy Majlis Senati aʼzosi,Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev ishtirok etdilar.

Ahmadali ShERNAZAROV,

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?