Sergelidagi uylarning narxi qanchaga arzonlashtiriladi?

16:05 08 May 2019 Jamiyat
466 0

Qurilishdagi kamchilik va qimmat narxlar...

Toshkent shahri Sergeli tumanida qurilgan arzon uy-joylarning narxi oshib ketgani, qurilishda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aholi noroziligiga sabab boʻlayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri 11 aprel kuni mazkur uylarda yashaydigan fuqarolar bilan uchrashgan, ularning savollariga javob bergan. Ushbu sayyor yigʻilishda uylarning qurilishidagi kamchiliklarni aniqlash va joyining oʻzida bartaraf etish hamda uylarning narxlarini pasaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha ikkita komissiya tashkil etilgan edi. 1 oydan soʻng yana fuqarolar bilan uchrashib, olib borilgan ishlarni keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilishga kelishib olingan edi.

Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev rahbarligidagi komissiya qariyb bir oy davomida uylarning narxi masalasini oʻrgandi, ularni imkon qadar arzonlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqdi. Qurilish vaziri Abduqahhor Toʻxtayev rahbarligidagi komissiya qurilishdagi kamchiliklarni uyma uy, xonadon-ma xonadan yurib oʻrgandi va aniqlangan kamchiliklarni qurilish tashkilotlari bilan birga joyining oʻzida bartaraf etish choralarini koʻrdi.

Jamoatchilik nazorat qildi

Belgilangan barcha ishlar sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida ushbu uylarda yashovchi fuqarolar, “Nuroniy” jamgʻarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, xotin-qizlar qoʻmitalari faollaridan iborat jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etildi.

Kecha Sergeli tumani hokimligida tumanda barpo etilgan arzon koʻp qavatli uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar, tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari va mutaxassislari, jamoatchilik vakillari ishtirokida komissiyalarning hisobotlari eshitildi. 

Har kvadrat metrdan 728 600 soʻm choʻntakda qoladi

Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev taʼkidlashicha, respublika miqyosida qurilish materiallarining narxlari tahlil qilingan, ularning katalogi tayyorlanib, davlat tomonidan qurilish tashkilotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarga berilgan imtiyozlarning qoʻllanilishi oʻrganilgan, bank marjasi va sugʻurta pulini kamaytirish boʻyicha ishlar olib borilgan. 34-uy misolida uylarning narxlari masalasi har tomonlama oʻrganilgan. Natija uyning 1 kvadrat metri narxini 3 981 700 (uch million toʻqqiz yuz sakson bir ming yetti yuz) soʻmdan 3 253 100 (uch million ikki yuzi ellik uch ming 100) soʻmga tushirish yoki 18,3 foizga arzonlashtirish mumkinligini koʻrsatdi. Albatta ushbu uyda yashovchilar uchun uyning har bir kvadrat metri uchun 728 600 (yetti yuz yigirma sakkiz ming olti yuz) soʻm yonga qolishi haqidagi xabarni yigʻilganlar katta xursandchilik bilan kutib oldi.

Uy qadrini uysizdan soʻrang...

– Olmazor tumanida 17 yil kvartirama kvartira koʻchib, turli sharoitlarda ijarada yashashga majbur boʻlganmiz, – dedi Barno Yusupova. – Sergeli tumanidan oilamizga uy berildi. Oʻtgan bir oy ichida esa quruvchilar kechayu kunduz ishlab uydagi ayrim kamchiliklarni tuzatdi. Bundan tashqari oʻtgan uchrashuvda bu yerda yashaydigan ayollarni ish bilan taʼminlash masalasini ham koʻtargan edik. Qisqa vaqtda ishsiz ayollarning bir nechtasiga imtiyozli kredit ajratilib, ular allaqachon tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi. Barchasi uchun Prezidentimizdan bir umr minnatdormiz.

– Biz oilamiz bilan shunday chiroyli uyga koʻchib oʻtganimizdan benihoya baxtlimiz, – deydi 40-uyda yashovchi Akmal Qalandarov. – Yangi uyga koʻchib birinchi boʻlib koʻnglimdan oʻtgani Prezidentimizning biz kabi oddiy odamlarning tashvishini oʻylayotgani boʻldi. Uyning qadrini uysiz, ijarada yashash, ikki-uch oila tiqilib yashash azobini koʻrgan odamdan soʻrash kerak. Ana shunday odam oʻz uyining qadriga koʻproq yetadi. Bunday kishilarga yangi uyning bitta ikkita kamchiligi koʻrinmaydi ham. Mana endi bizning oʻz uyimiz, Vatanimiz bor! Men bunga javoban farzandlarimni Prezidentimiz kabi fidoyi, u kishiga munosib, sodiq, yurt koriga yaraydigan, barkamol qilib tarbiyalashga vaʼda beraman.

358 ta uy kimlarga tegishli?

Qisqa vaqtda ikki komissiyaning aʼzolari uyma-uy yurib, xonadon egalari bilan suhbatlashgan, kamchiliklar joyida hal etilgan. Lekin hududdagi 358 ta xonadonning holati mavhumligicha qolgan. Chunki bu uylarda hech kim yashamasligi sababli qayta qayta borilsada uy egalari bilan bogʻlanishning imkoni boʻlmagan. Hatto qoʻshnilari ham bu uylarning egalarini topib berolmagan.

Infratuzilma bosqichma bosqich rivojlanadi

Uchrashuvda shuningdek hududda infratuzilmani rivojlantirish, odamlarni ish bilan taʼminlash, maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, poliklinika qurish masalalari ham oʻrtaga tashlandi.

Sayyor yigʻilishda taʼkidlandiki, oxirgi uch yilda barcha saʼy-harakatlar, kuch va imkoniyatlar aholini tezroq uyli qilishga qaratildi. Shu sababli ayrim infratuzilma obyektlarini barpo etish kechikdi. Hududda bu ishlar bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat dasturlarida koʻzda tutilganidan tashqari yana 4 ta maktab va 4 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 1 ta poliklinika qurilishi shu yilning kuzida yakuniga yetkazilishi bilan koʻpchilikni oʻylantirayotgan muammolar oʻz oʻzidan yechim topadi. Eski aeroport hududida tashkil etilayotgan sanoat zonasida 10 ming yangi ish oʻrni tashkil etiladi. Bu saʼy harakatlar odamlarni ish bilan taʼminlash va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ijtimoiy masalalarni hal etish orqali bu yerda yashovchi kishilar hayotini yanada farovon qilish uchun muhim hayotiy ahamiyatga ega boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?