Sergelidagi uylar arzonlashtiriladi. Vazifalar toʻliq bajarilmaguncha nazorat qattiq boʻladi

15:30 08 May 2019 Jamiyat
523 0

Fuqarolar nimadan norozi boʻlgan edi?

Oʻtgan oyda Sergeli tumanining 5-dahasida barpo etilgan arzon uylarning sifati va narxi masalasi ayrim eʼtirozlarga sabab boʻlib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻi bilan 11 aprel kuni Sergeli tumani hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati rahbari ishtirokida ushbu uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan edi.

Sayyor yigʻilishda koʻtarilgan masalalarni joyining oʻzida oʻrganish va bartaraf etish boʻyicha ikkita komissiya tuzilib, iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev rahbarligidagi komissiyaga uylarning narxlari masalasini oʻrganish va imkon qadar arzonlashtirish boʻyicha taklif ishlab chiqish, qurilish vaziri Abduqahhor Toʻxtayev rahbarligidagi komissiyaga qurilishdagi kamchiliklarni oʻrganish va joyining oʻzida bartaraf etish vazifalari topshirilganni haqida avval xabar bergan edik.

Joriy yilning 21 aprel kuni ushbu komissiyalarning dastlabki yigʻilishi boʻlib oʻtdi va unda komissiyalar rahbarlarining axborotlari tinglanib, tanqidiy muhokama qilindi. Ishni yanada jadallashtirish, komissiyalar faoliyatiga jamoatchilik vakillari, shu xonadonlarda yashaydigan fuqarolarni keng jalb etish zarurligi taʼkidlandi. Ijtimoiy uylar qurilishini biznesga aylantirib yuborishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy uqtirildi.

Aholi oldida hisobot berildi 

7 may kuni Sergeli tumani hokimligida komissiyalarning oʻrganishlari natijalari haqida aholi oldida hisobot berildi.

Yigʻilishda komissiyalar oʻz ishini xalqimiz bilan bamaslahat, hamjihatlikda amalga oshirgani, qilinayotgan ishlardan jamoatchilikni xabardor qilib borish maqsadida komissiyalar ishiga loyiha institutlari, moliya, soliq, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan birga yirik nodavlat notijorat tashkilotlar, xususan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, xotin-qizlar qoʻmitalarining vakillari, katta hayotiy tajribaga ega faollar, shu yerda yashaydigan fuqarolar jalb qilingani aytib oʻtildi.

Narx 3 981 700 soʻmdan 3 253 100 soʻmgacha tushadi

Yigʻilishda iqtisodiyot va sanoat vaziri B. Xoʻjayev Sergeli 5-dahasidagi 34-uy misolida qurilishdagi sarf-xarajatlarni har bir band boʻyicha batafsil tahlil qilib berdi. Xonadonlar uchun belgilangan narxlarni har bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 700 ming soʻmgacha arzonlashtirish, yaʼni qurilish tashkilotlarining foydasini, bank marjasini kamaytirish, qurilish tashkilotlari va ushbu uylar uchun qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat tomonidan berilgan imtiyozlardan oqilona foydalanish va boshqalar hisobiga uylarning har bir kvadrat metri narxini 3 981 700 soʻmdan 3 253 100 soʻmgacha tushirish imkoniyatlari borligini taʼkidladi.

Aholi vakillari bu yangilikni xursandchilik va minnatdorlik bilan kutib oldi.

Muloqotda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz eʼtiboridan va murojaatlari oʻz vaqtida yechim topayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdi.

Farzandlarimiz Prezidentimizga oʻxshasin

Akmal Qalandarov, 40-uyda yashovchi fuqaro:

– Bizga shunchalik eʼtibor qaratilib, oilamiz, farzandlarimiz uchun shunday qulay shart-sharoit yaratib berilayotganidan behad minnatdormiz. Qurilish tashkilotlariga ham rahmat, kechani kecha, kunduzni kunduz, sovuqni sovuq demay ishladi, hamma bahamjihat boʻlib, kamchiliklar tuzatildi. Bunday boʻlishini ochigʻi kutmagan edik. Vaʼda beramiz, shu xonadonlarda farzandlarimizni Prezidentimiz kabi xalqqa xizmat qiladigan, fidoyi qilib tarbiyalaymiz.

“Qoʻy berdi-yu ipini bermadi”...

Mavluda Salohiddinova, 22-uyda yashovchi fuqaro, pensiyadagi oʻqituvchi:

– Koʻp mamlakatlarda boʻlish nasib etgan menga. Hech qayerda oʻzbekchalik bir-biriga gʻamxoʻr millatni koʻrmadim. Xalqimiz nimaga erishgan boʻlsa, bir-biriga yelkadosh boʻlib, sabr-qanoat bilan erishdi. Sabr qildik va mana ikki yil ichida qancha-qanda yangi uylar qurilib, uysiz, ijara yashab sarson-sargardon boʻlib yashayotgan odamlar oʻz uyiga ega boʻldi. Bu baxtga erishgan qoʻni-qoʻshnilarimning quvonchini qarang. Toʻgʻri, bitta-ikkita kamchiligi boʻlishi mumkin. Ularni tuzatsa boʻladi.

Hindistonga borganimda odamlar aeroportda, koʻchalarda ustiga gazeta yopib yerda yotganini koʻrganman, Turkiyadek davlat fuqarolarining aksariyati oʻzining uyiga ega emas. “Sizlar bolalaringizga meros qoldirmaysizlarmi?” deb hazil-huzul qilganmiz. Eng rivojlangan mamlakatlarda ham aholi katta qismining oʻz uyi yoʻq.

Mana bizda Prezidentimizning umri uzoq boʻlsin, eng muhtoj, yillar ishlasada uy ololmaydigan odamlarni ham uy bilan taʼminlayaptilar. Shundan ham nolisak “qoʻy berdi-yu ipini bermadi” deganday boʻlib qolmasinda!

Ijtimoiy masalalar hal etiladi, 10 000 ish oʻrni yaratiladi

Yigʻilishda har bir fuqaroning murojaati tinglanib, ularni hal etish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berildi. Yangi qurilayotgan uylar hududida maktab, bogʻcha, poliklinika, oziq-ovqat doʻkonlari tashkil etish, aholi bandligini taʼminlash kabi ijtimoiy masalalarni hal etish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar boshlangani maʼlum qilindi. Xususan, talab va ehtiyojdan kelib chiqib, bu yerda davlat dasturlarida koʻzda tutilganidan tashqari yana 4 ta maktab va 4 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, bitta poliklinika qurilishi shu yilning kuzida yakuniga yetkazilishi taʼkidlandi.

Hududga biriktirilgan sakkizta tijorat banki tomonidan sakkizta modul boʻyicha aholini, xususan ayollarni ish bilan taʼminlash loyihalarini amalga oshirishni boshlab yuborgan. Soʻzga chiqqan ayollardan beri unga allaqachon kredit ajratilgani va uchta tikuv mashinasi olib, uyida ish boshlaganini mamnuniyat bilan aytib oʻtdi.

Bundan tashqari, Sergeli tumanidagi eski aeroport oʻrnida yirik ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, bu yerda 10 mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Bu ish oʻrinlariga avvalo yangi uylarga koʻchib kelgan aholi ishga qabul qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?