Sergelidagi arzon uy-joylarning narxi oshishi toʻgʻrisidagi xabarlar rad etildi

17:54 26 Sentyabr 2019 Jamiyat
365 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergelidagi uylarning narxi yana oshishi borasidagi xabarlar tarqalmoqda. “Oʻzshahar qurilish invest” IK ushbu xabar asossiz ekanligi, xabarda aks etgan hujjat esa hech qanday yuridik kuchga ega emasligini bildirgan. Bu haqda “Oʻzshahar qurilish invest” IK Matbuot xizmati “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Unga koʻra, “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2660-sonli hamda 2017-yil 23-oktyabrdagi “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3350-sonli qarorlariga muvofiq, 2017-2018-yillarda respublika shaharlarida jami 24 856 ta xonadondan iborat 602 ta uy-joylar belgilangan muddatlarda qurib bitkazilib imtiyozli ipoteka kreditlari asosida fuqarolarga foydalanishga topshirilgan.

Yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan 2019-yil dasturiga muvofiq kompaniya tomonidan respublika shaharlarida 7 va 9 qavatli gʻisht hamda panel tipidagi, 16 qavatli quyma temir-beton tipidagi loyihalar asosida jami 403 ta uy-joylarning qurilish-montaj ishlari olib borildi. Hozirda uy-joylarni foydalanishga topshirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ushbu uy-joylarning loyiha-smeta hujjatlari 2019-yil I choragida davlat ekspertiza koʻrigidan oʻtkazilib, unga koʻra qoʻshilgan qiymat soligʻisiz (QQS siz) 7 qavatli uy-joylarning 1 m2 narxi oʻrtacha 3 980 000 soʻmni, 9 qavatli uy-joylarning 1m2 narxi oʻrtacha 4 100 000 soʻmni, yigʻma temir-beton konstruksiyali (panel tipdagi) loyiha asosidagi 9 qavatli uy-joylarning 1 m2 narxi oʻrtacha 4 330 000 soʻmni, quyma temir-beton tipdagi loyiha asosidagi 16 qavatli uy-joylarning 1 m2 narxi oʻrtacha 4 160 000 soʻmni tashkil etmoqda.

“Ushbu narxlar davlat ekspertiza xulosalariga asosan boʻlib, uy-joylarda qurilish-montaj ishlari yakunlanganidan soʻng, haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, xonadonlarning 1 m2 haqiqiy narxi shakllanadi. Bunda, yuqorida koʻrsatilgan davlat ekspertiza xulosalari asosida tasdiqlangan baholardan oshmasligini “Oʻzshahar qurilish invest” IK kafolatlaydi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan maʼlumotlarni asossiz ekanligi, aniq va ishonchli maʼlumotlarni “Oʻzshahar qurilish invest” IK matbuot xizmati hamda +99895 514 50 50 ishonch raqami orqali olishingiz mumkinligini maʼlum qilamiz“, deyiladi tashkilot matbuot xizmati xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?