Serbiyadan Rossiyaga meva eksporti hajmi kamayib ketdi. Bunga Oʻzbekistonning taʼsiri qanday?

18:13 24 Oktyabr 2018 Jamiyat
655 0

Serbiyadan 2018 yilda Rossiya Federatsiyasiga meva yetkazib berish hajmi keskin kamayib ketdi. Bu haqda EastFruit portali xabar berdi. Xususan, joriy yilning dastlabki sakkiz oyida Serbiyadan Rossiyaga olma eksporti 113 ming tonnadan 71 ming tonnaga, shaftoli va nektarin 34,6 ming tonnadan 20,6 ming tonnaga, gilos 8 ming tonnadan 4,7 ming tonnaga, olcha 3,1 ming tonnadan 2,3 ming tonnaga, sarxil oʻrik 3,1 ming tonnadan 0,4 ming tonnaga, qulupnay 10,4 ming tonnadan 9,1 ming tonnaga qisqarib ketgan.

Shunday qilib, Serbiyaning bu boradagi daromadi ham 17 foiz pasayib, 159 mln. dollargacha tushib ketdi. Vaholanki, sohadagi yetakchilar Ekvador, Turkiya, Xitoy, Misr meva yetkazib berish hajmlarini oshirgan.

Jumladan, Xitoy yanvar-avgust oylarida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 51 foiz koʻp meva joʻnatib, 257 mln. dollar ishlab olgan.

Serbiyadan meva import qilish hajmining kamayishi ushbu davlat orqali YEI mamlakatlaridan meva-sabzavot mahsulotlarini reeksport qilish ustidan nazoratni kuchaytirilgani bilan bogʻliq.

Bu boradagi yana bir omil Rossiya bozorlariga Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Xitoydan meva-sabzavot yetkazib beruvchilar tomonidan raqobatning kuchayganidir. Masalan, Turkiya koʻrsatib oʻtilgan muddatda Rossiyaga meva eksportini 38 foiz, Eron 2,1 barobar, Ozarbayjon(Eron mahsulotlarini reeksport qilish hisobiga) 57 foiz, Oʻzbekiston 39 foizga oshirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?