“Senga nima”, “menga nima”mi? Samarqand yordamga muhtoj

10:42 22 May 2019 Jamiyat
719 0

Yodingizda boʻlsa shu yilning bahor mavsumidagi tinimsiz yomgʻir, Samarqand shahrining ayrim koʻchalarini suvga toʻldirdi sarlavhali maqolalar ijtimoiy tarmoqlarda ajiotaj boʻlgan edi. Muxbirimiz mazkur holatlarga sabab boʻlayotgan turli omillarga oydinlik kiritib, tahliliy maqola tayyorladi. Quyida mazkur maqola bilan tanishishingiz mumkin boʻladi.

Yaqinda Samarqand shahar Maʼmuriy sudi, “ekologiya buzilyapti, shaharni suv bosyapti” deya ayyuhannos solganlarga, “Senga nima” qabilida javob beribdi. Bu qarorni viloyat appelyatsiya instansiyasi oqizmay-tomizmay takrorlagani va tasdiqlaganiga nima deysiz! Demak, atrof-muhit muhofazasi bilan aholining shugʻullanishiga, Ruslan Xairnurov va Rinat Moʻminovlarning bu haqda yuqori va tegishli idoralarga, sudga murojaat qilishga haqqi yoʻq ekanda. Samarqandni har yili bahor toshqinlari paytida koʻchalarni suv bosaversin, ular “menga nima” deb, qoʻl qovushtirib oʻtiraversin ekanda. Shundaymi, janob sudyalar?

Xullas, kalavaning uchi yumalab-yumalab, Samarqand shahar hokimining “Damir binokor qurilish” MCHJning Samarqand shahar Oʻzbekiston koʻchasi 114 “G” manzilda joylashgan mavjud binolarini buzib, shaharsozlik loyiha hujjatlari asosida koʻp qavatli turar-joy binolari qurishga ruxsat berish haqidagi 2018 yil 12 yanvardagi 52-Q sonli qaroriga borib taqaldi. Qurilish uchun tanlangan yer maydoni dalolatnomasi tasdiqlangan ushbu qarorda, “Damir binokor qurilish” MCHJga binolarini buzish uchun boʻshagan yer maydoni tarkibidagi ushbu koʻp qavatli turar-joy binosida, bolalar bogʻchasi, mahalla markazi, profilaktika inspektori uchun xizmat uyi, xizmat xonalari va hokazolar boʻlishi lozimligi chiroyli qilib koʻrsatib oʻtilgan. Bu talablar qurilish davomida qanchalik bajarilgan, bajarilmaganini bilmadigu, lekin qurilish borayotgan hududdan oqib oʻtuvchi “Siyobcha” kollektorini rekonstruksiya qilish va qurilish-montaj ishlarini bajarishga oid shahar hokimining 2017 yil 7 noyabrdagi 1912-Q- sonli qarori bajarilmagani rost. Chunki shikoyatchilar, 7 qavatli turar-joy binosi qurilishida aynan shu “Siyobcha” kollektori muhofaza hududi buzilayotganini iddao qilishmoqda hamda buning isboti sifatida, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining “Mazkur bino qurilishi “Siyobcha” kollektori muhofaza hududi (pribrejnoy polosы) ga kirib ketgan” degan javob xatidagi xulosani keltirishmoqda.

Samarqand viloyat hokimligining dalolatnomasida respublika Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22-noyabrdagi Samarqand shahar hududidagi kollektor-drenaj tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash va samarali ishlashini taʼminlash, yer osti sizot suvlari sathini pasaytirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash toʻgʻrisidagi Farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimiyati tuzgan ishchi guruh shahardagi “Siyob”, “Siyobcha”, “Chashma” va “Obi-Mashhad” kollektorlarining gidrotexnik holatini oʻrganib chiqqani aytiladi. Ayniqsa, “Siyob” kollektori seryogʻin mavsumdagi sel va oqava suvlarni chiqarib ketish imkoniyatiga ega emasligi natijasida “Obi-Rahmat”, “Kulolon” va “Geofizika” mahallalari koʻchalarini suv bosish holatlari bir necha bor kuzatilganligi hamda shahar hududidan oqib oʻtayotgan qismi har xil tashkilotlar va aholi tomonidan egallab olinganligi, mexanizmlarni ishlatish imkonini bermayotganligi qayd etiladi. “Siyobcha” kollektori esa Samarqand shahrining janubiy-gʻarb tomonidan oqib oʻtadi. Kollektor Samarqand tumani “Guliston” MMTPdan boshlanib, “Siyob” kollektorigacha boʻlgan 6,7 kilometr qismi Samarqand shahri hududidan oʻtadi. Kollektor 1947 yilda qurilgan boʻlib, umumiy uzunligi 6,7 kilometr. Kollektor “Koʻl”, “Madadkor”, “Tadbirkor”, “Lolazor”, “Yoshlik” va “Dahbed” mahallalaridan oqib oʻtish bilan birga shu mahallalarning oqava-sel suvlarini, shuningdek, yer osti sizot suvlarini chiqarib ketishga xizmat qiladi. Kollektorning “Lolazor” koʻchasi bilan kesishmasida PK 45+50 quvurli oʻtish joyida suv sigʻimini oʻtkazib yuborish imkoniyatiga ega emasligi sababli, “Shaumyan” koʻchasini suv bosish holatlari bir necha bor kuzatilgan. “X. Zokirov” koʻchasi bilan kesishmasida PK 58+26 quvurli oʻtish joyining hozirgi holati yilning seryogʻin mavsumidagi sel va oqava suvlarini chiqarib ketish imkoniyatiga ega emas. Kollektorning shahardagi 20-sonli oʻrta taʼlim maktabi hududidan 220 metr uzunlikdagi PK 55+15 yopiq qismida chiqindilar toʻplanishi va loyqalanish natijasida maktabning sport maydonchasini va atrofidagi joylarni suv bosgani hamda bu holat fojiali yakunlangani kuzatilgan.

Kollektorning hozirgi holati yilning seryogʻin mavsumidagi sel va oqava suvlarini chiqarib ketish imkoniyatiga ega emas. Kollektorning muhofaza zonasi aholi tomonidan egallab olinganligi, har xil diametrdagi quvurlar oʻrnatgani, har kim oʻz imoratini kollektorga yaqinlashtirgani, shuningdek imkoniyatidan kelib chiqib turli hajmdagi beton ariqlar qurganligi sababli, dalolatnomaning xulosa qismida “Siyob”, “Siyobcha”, “Chashma” va “Obi-Mashhad” kollektorlarining muhofaza zonasida qurilgan inshootlarni koʻchirib, kollektorni taʼmirlash va tiklash ishlarini olib borilishi maqsadga muvofiq deb topilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi 174-sonli qaroriga muvofiq kollektorning muhofaza hududi har ikkala tomondan 15 metrdan qilib belgilangan. Samarqand viloyat adliya boshqarmasining fuqaro R. Xairnurovga 2018 yil 30 avgustdagi javob xatida keltirilishicha, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7-apreldagi 174-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 51-bandiga asosan “... suv taʼminotining yuza va yer osti manbalari, vodoprovod inshootlari sanitariya muhofazasi zonasi birinchi mintaqasi hududida asosiy vodoprovod inshootlaridan tashqari qurilishning barcha turlari, uy-joy va jamoat binolarini joylashtirish, odamlarning yashashi, shu jumladan vodoprovodda ishlovchi odamlarning yashashi taqiqlangan”.

“Damir binokor qurilish” MCHJ esa 7 qavatli uy-joy qurilishidan oldin “Siyobcha” kollektorini rekonstruksiya qilish va qurilish-montaj ishlarini bajarish boʻyicha arxitektura rejalashtirish toʻplami tayyorlash toʻgʻrisida Samarqand shahar hokimi qarorini olgan. Toʻplamda ishni qanday bajarish koʻzda tutilgani bizga qorongʻi lekin, “Siyobcha” kollektoriga 1,4 metrli temir-beton quvurlar yotqizilgani bor gap. Qolaversa, qurilayotgan uy-joy bilan yopiq holatda oʻtkazilgan kollektor orasidagi masofa 6-7 metrni tashkil etishi ham Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasi xulosasida aniq ravshan aks etgan. Sudga murojaat qilgan fuqarolarni ham aynan shu masala - koʻp qavatli turar-joy binosi “Siyobcha” kollektoriga yaqin qurilayotganligi, qurilish talablari buzilayotganligi, bu oʻz navbatida mikroiqlim oʻzgarishiga sabab boʻlayotganligi tashvishlantirmoqda.

Axir, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Samarqand shahar hududidagi kollektor-drenaj tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash va samarali ishlashini taʼminlash, yer osti sizot suvlari sathini pasaytirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 2017 yilning 22-noyabrdagi 1292-F-sonli Farmoyishining toʻrtinchi bandida Samarqand viloyat hokimligi, Samarqand shahar hokimligi bilan birgalikda shahar hududidagi kollektor-drenaj tarmoqlarida meliorativ tadbirlarni amalga oshirish uchun ularning boʻyida noqonuniy qurilgan bino-inshootlarni belgilangan tartibda buzish hamda ish sharoitini yaratib berilishini taʼminlasin deyilmaganmi? Shuningdek, mazkur Farmoyishning 2 va 4 bandlari ijrosini taʼminlash boʻyicha tuzilgan viloyat ishchi guruhi tarkibiga berilgan izohda, kollektor-drenaj tarmoqlarini meliorativ tadbirlarini amalga oshirish uchun ularning boʻyida qurilgan noqonuniy bino va inshootlarni xatlovdan oʻtkazadi hamda belgilangan tartibda buzish ishlarini amalga oshiradi deyilmaganmidi?

Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, davlat ekologik ekspertizasi markaziga taqdim qilingan mazkur koʻp qavatli uy-joy qurilishining atrof-muhitga taʼsiri loyihasini koʻrib chiqib, avvalo, obyektni qurishda viloyat arxitekturasi va tegishli tashkilotlar bilan bino inshootlarni, kommunikatsiya, irrigatsiya, kanalizatsiya tarmoqlarini hamda “Siyobcha” kollektorining himoya mintaqasi saqlanishini tavsiya qiladi. Aks holda qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi deb koʻrsatadi. Endi, Samarqand viloyati Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi boshligʻi B. Nazarovning 2017 yilning 29 dekabridagi Ruslan Xairnurovning Prezident virtual qabulxonasiga yozgan xatiga yuborgan javobiga eʼtibor bering. Javob xatining 1 bandida “Oʻzbekiston koʻchasi 114-manzildan oqib oʻtuvchi ariq (kollektor) “Siyobcha” kollektori ekanligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar mavjud emas, ushbu ariq hech kimning balansiga olinmagan. Yuqoridagiga asosan ushbu ariq oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan. Ikkinchidan kollektor deb baholanishi asoslantirilmagan. ...Toʻrtinchidan ushbu ariqning boshlanishidan (Samarqand tumani) to oxirigacha, yaʼni “Siyobcha” kanaliga quyilish joyigacha infeksiya kasalliklari koʻpayishiga, suvni ifloslanishiga sabab boʻlayotgan shahar hamda fuqarolarning yogʻin va kanalizatsiya tarmoqlari ulangan.” Nahotki, B. Nazarov Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi boshligʻi boʻlaturib, Respublika Vazirlar Mahkamasining shahardagi mavjud kollektorlar shu jumladan “Siyobcha” kollektori toʻgʻrisidagi Farmoyishidan bexabar boʻlsa? U oʻz xatida, “Oʻzbekiston koʻchasi 114-manzildan oqib oʻtuvchi ariq (kollektor) “Siyobcha” kollektori ekanligi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar mavjud emas, ushbu ariq hech kimning balansiga olinmagan.” deb yozadi. Bu gap bevosita Vazirlar Mahkamasi Farmoyishi ijrosini taʼminlovchi shaxsga munosibmi? Axir, Vazirlar Mahkamasining Farmoyishida “Siyobcha” kollektori ham Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi meliorativ ekspeditsiya balansiga oʻtkazilganligi aniq-tiniq koʻrsatib qoʻyilgan-ku! Xususan, mazkur Farmoyishga asosan, tuzilgan dalolatnomada janob Nazarovning imzosi ham qayd etilganiga nima deysiz?

Mazkur javob muallifi, hatto Samarqand shahar hokimligi dalolatnomasidagi “Siyobcha” kollektori toʻgʻrisidagi xulosalardan, kollektor 1947 yilda qurilganligi, umumiy uzunligi 6,7 kilometrni tashkil etishi, kollektor “Koʻl”, “Madadkor”, “Tadbirkor”, “Lolazor”, “Yoshlik” va “Dahbed” mahallalaridan oqib oʻtishi, kollektor boʻyidagi muammolarni bartaraf etish haqidagi xulosalari bilan mutlaqo tanish emasligi ayon boʻlmoqda. Bu ham yetmagandek, “kollektor deb baholanishi asoslantirilmagan, shu sababdan ushbu inshootdan oraliq masofa belgilanmaydi” degan yanglish xulosasiga kulasanmi, kuyasanmi?! “Men nima deyman, qoʻbizim nima deydi” deganlari shu boʻlsa kerakda.

Xullas, Samarqandda ana shunaqa gaplar.

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?