SENGA HAVASIM KELADI

10:15 24 Fevral 2020 Lifestyle
340 0

Bu oʻsha ayol.

Ana, oldidagi ovqatining goʻshtini soʻloqmonday oʻgʻliga ilinib oʻtiribdi.

— Ol, oʻgʻlim, salgina semirishing ¬kerak, — deydi u. — Olaqol...

Men uni kecha tushdan keyin massajchi qabulida koʻrgandim. Navbatim yetib ichkarilayotganimda:

— Hay bolam, hozir mani oʻgʻlim kirsin, — deb qoldi u.

Ensam qotib:

— Xoʻp ajoyib odamlar bor-da! — dedim.

— Nimasini aytasiz? — deb qoʻydi massajchi ham.

Men kelganimda ayol yonida bir yigit oʻtirgandi. Keyin uni “EKG” xonasiga ¬chaqirib qolishdi. Oʻz-oʻzidan navbat meniki boʻlib qoldi. Bu xotinning gapi boʻyicha oʻgʻlining kelishini kutib oʻtirishim kerakmi? Massajdan chiqarkanman yana oʻsha ayol:

— Oʻgʻlimni oʻrniga kirvoldingiz-a? — deb qoʻydi.

— Axir oʻgʻlingiz bu yerda emasdi-ku? — dedim bu gal rosmana gʻashim kelib. — Sal yurakni kengroq qiling, xola!

— Hay, mayli. Xafa boʻlmang, bolam...

Mana, oʻsha ayol.

Qarshimdagi stolda oʻgʻli bilan yonma-yon oʻtirib, nonushta qilyapti. Ularga qarab, rosti, yoshgina, toʻporigina yigitga mehrim tovlandi. Onasini eʼzozlab sihatgohga olib kelibdi. Ona-bola birgalikda davolanishyapti. Qanday yaxshi! Men-chi, men... Oʻqigan-netgan, oq-qorani tanigan odam. Biror marta onamni sihatgohga olib borganmanmi? Koʻngli uchun biror marta “Qayeringiz ogʻriyapti? Qayerga olib boray?”, deb soʻraganmanmi? Yoʻq. Dunyoda mening onamdan sogʻ odam yoʻqdek, hech qayeri ogʻrimaydigandek... Vaholonki, onamning bir emas, bir necha kasali bor edi.

— Toʻqqiz bolamni tuproqqa topshirib, yuragim toʻqqiz joyidan teshilgan, — derdi bechoraginam.

Chindan yuragi xasta edi. Nafasi qisardi. Ozgina yursa, vujudini ter bosib, hansirab qolardi. Biror yoqqa birga borish uyoqda tursin, bir marta ham sihatgohga yubormapman-a, onajonimni! Eh, qanchalar xudbinman, beshafqat, bagʻritoshman! Beti qattiq, ikkiyuzlamachi, munofiqman! Qoʻyib bersa, ota-ona izzati, hurmati, farzandlik burchi, mehri, shafqati haqida soatlab vaʼz oʻqishim mumkin. Amalda-chi?..

Eslasam, hayotimda bir martagina, oʻshanda ham tuman ijtimoiy taʼminot boʻlimida ishlaydigan doʻstimning undovi bilan onamga yoʻllanma olib bergan ekanman. U ham boʻlsa... dam olish uyiga. Oʻshandagi onamning xursandligini koʻrsangiz!

— Xudiyarim mani dam olishga joʻnatyapti! Kurortga ketyapman! — deya eshikma-eshik yurib, qoʻlidagi yoʻllanmani koʻz-koʻzlab, butun mahallaga suyunchilab chiqqandi onam.

Ogʻzi qulogʻida dam olish uyiga joʻnab ketdi... Ana-mana deb, ish deb, boshqa deb... bir marta boʻlsa-da, ortlaridan bormaganimni, xabar olmaganimni hozir oʻylasam... oʻzimni-oʻzim kechirolmayman, uyalib ketaman. “Onajon, men koʻrnamakni kechiring!” deb hayqirgim, poylariga tiz choʻkib, uzr soʻragim keladi.

Biroq...

Endi onam yoʻq...

Ming yigʻlamay, ming siqtamay, har qancha tavallolar qilmay endi topolmayman onamni...

Ana, shundoqqina roʻparamda ona-bola qoʻsh kaptardek chugʻurlashib, nonushta qilyapti. Ayol oʻqtin-oʻqtin dasturxondagi narsalardan, meva-chevalardan oʻgʻli oldiga surib qoʻyadi.

— Ol, oʻgʻlim, ol...

Yuragim toshadi. Oʻsha kuni massajdan chiqib, bu mushtipar onani gap bilan “chandib” olganimni eslab, oʻzimni oʻzim yomon koʻrib ketaman. Axir ona-ku! Umrini, borligʻini farzandiga, dilbandiga nisor etishga har doim, har on hoziru nozir, munis, mehribon ona! Qalbi daryo ona!

Devday yigit onasi yonida ming qoʻylik boyday taltayib oʻtiribdi. Hech narsa bilan ishi yoʻq. Begʻam, xotirjam.

— Toʻydim, ona! — deydi labi-lunjini artarkan.

— Yana jichchagina yegin, oʻgʻlim! Ol, manavilardan olgin, olaqol...

E, notanish yigit! Sen qanchalar baxtiyorsan. Yoningda onang bor!

Senga juda-juda havasim keladi...

Ortiqali NOMOZOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?