Senatorlar yana bir Qonunni maʼqulladi

16:14 11 Sentyabr 2020 Siyosat
158 0

Senat aʼzolari parlament yuqori palatasining yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqdi.

Qonun bilan 17 ta qonunga, xususan, 8 ta kodeks va 9 ta qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Bojxona kodeksi va Soliq kodeksi shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, mazkur Qonun bilan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi “Qurol toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan himoya orderi taʼsis etilgan edi. Lekin ushbu himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarni bajarmaganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik masalasi ochiq qolgan. Shu bois tazyiq oʻtkazishga va (yoki) zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan yoki ularni sodir etgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi va bu cheklovlarning bajarilishini yana bir bor kafolatladi.

Oʻz oʻrnida “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun yangi band bilan toʻldirilib, unga koʻra tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan daʼvogar fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilindi.

Shuningdek, kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra Jinoyat kodeksining “Mehnat qilish huquqini buzish” uchun javobgarlik belgilovchi moddaning tegishli qismi yangi tahrirda bayon etilib, unga koʻra jabrlanuvchi taraf nafaqat yosh bolaning onasi, balki parvarish qilayotgan unga yaqin boshqa shaxs ham boʻlishi mumkinligi koʻrsatildi.

Xalqaro shartnomalarda boshqacha shartlar kelishilmagan boʻlsa, xorijiy tashuvchilarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalarida yuk va yoʻlovchilarni respublikamiz hududida joylashgan punktlar oʻrtasida tashish (kabotaj) taqiqlangan. Shu sababli Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan yuklarni va (yoki) yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik belgilangan yangi modda bilan toʻldirilmoqda.

Davlat ekologiya qoʻmitasi inspektorlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish, ularning koʻrsatmalarini bajarmaslik va boshqa noqonuniy holatlarning koʻplab uchrayotganligini hisobga olib, javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi tegishli yangi modda bilan toʻldirilmoqda.

Yuqorida kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashga, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishga, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga va oʻz navbatida davlat organlarining ham bu boradagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?