Senatorlar tomonidan Qonun rad etildi

11:52 11 May 2020 Jamiyat
475 0

Senat aʼzolari “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini koʻrib chiqishdi.

Taʼkidlanganidek, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni oʻrganib chiqilgan. Oʻrganish jarayonida xalq deputatlari tuman, (shahar) viloyatlar kengashlarida muhokama etilib, mahalliy deputatlar, Qoʻmita aʼzolari va ekspertlari fikrlari umumlashtirilgan.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-martdagi “Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida 2020-yil 1-iyuldan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblarini bekor qilib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimini joriy qilish belgilangan. Ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, qonundagi litsenziyalash bilan bogʻliq normalarni chiqarib tashlash talab etiladi.

Shuningdek, senatorlar qonunda elektron noshirlik mahsulotini tayyorlash va tarqatish tartibini nazarda tutuvchi normalar mavjud emasligiga eʼtibor qaratishdi. Bundan tashqari, mamlakatimizda diniy mazmundagi materiallarni tayyorlashga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan ekspertizadan keyingina yoʻl qoʻyiladi. Qonunni shu nuqtayi nazardan yangi normalar bilan toʻldirish zarur, deb topildi.

Yuqoridagilarga asoslanib, “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?