Senatorlar tomonidan “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi

11:35 11 Sentyabr 2020 Jamiyat
226 0

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Hozirgi zamonda iqtisodiyotning globallashuvi tez chuqurlashayotgan, xoʻjaliklararo aloqalar rivojlanayotgan hamda xalqaro darajalarda qonunchilik birxillashtirilayotgan sharoitlarda milliy va xalqaro darajalarda bozor munosabatlarining asosiy omillaridan biri hisoblangan xalqaro arbitraj tijorat nizolarini hal etishning muqobil va sud mahkamasidan tashqari shakli sifatida tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Muhokamada aks etganidek, Oʻzbekistonda xalqaro tijorat arbitraj sudlarining faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibini huquqiy tartibga solish, xalqaro tijorat arbitraj sudi faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilash, shuningdek, xorijiy investorlar, milliy kompaniyalarni chet ellik hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarida ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash zaruriyati tugʻildi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishidan koʻzlanayotgan asosiy maqsad – nizolarni koʻrishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning sarf xarajatlarini qisqartirish, arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini belgilash hamda shu asosda xalqaro shartnomalarning nizoli masalalarini hal qilishda mamlakatning mintaqadagi obroʻsini oshirish kabi masalalar ekanligi taʼkidlandi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi Oʻzbekiston nizolarni muqobil hal qilish usuli hisoblangan fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida arbitraj muhokamasi institutini rivojlantirishga, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zaruriy huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, tashqi iqtisodiy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni koʻrishda muddatlar va xarajatlarni qisqartirishni taʼminlashga imkon yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi va eʼlon qilingan kundan olti oydan keyin kuchga kirishini inobatga olib, mutasaddi idoralarga uni keng targʻib qilish va toʻliq ishlab ketishi uchun zarur mexanizmlarni ishlab chiqib, joriy qilish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?