Senatorlar paxta terimi jarayonlarini oʻrganmoqdalar

17:20 24 Sentyabr 2020 Jamiyat
250 0

2020-yilgi paxta yigʻim-terimi davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlash maqsadida har bir hudud boʻyicha senatorlar, Qonunchilik palatasi deputatlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, jurnalist va blogerlardan iborat ishchi guruhlar shakllantirildi. Ular tomonidan joriy yilning 21-sentyabridan hududlarda oʻrganishlar olib borilmoqda.

Muhimi – paxta yigʻim-terimi ishlariga fuqarolarni, korxona, tashkilot va muassasalar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, harbiy xizmatchilarni majburiy jalb qilish holatlarining oldi olinmoqda. Buning uchun aholi, korxona, tashkilot va muassasalarda senatorlar va ishchi guruhlar aʼzolari tomonidan keng qamrovli targʻibot ishlari amalga oshirilyapti.

Hozir joylarda ushbu yoʻnalishdagi murojaatlar, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda keltirilgan holatlar zudlik bilan oʻrganilyapti. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Shu asosida joylardagi masʼullarga tegishli topshiriqlar berilyapti.

Jumladan, senatorlar tomonidan Xorazm viloyatining barcha tumanlarida oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qoʻmitasi raisi Botir Matmuratov rahbarligidagi ishchi guruh aʼzolari viloyatning barcha tumanlarida fermerlar va terimchilar bilan suhbatda boʻldilar.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Gavhar Durdiyeva, Farogʻat Saʼdullayeva va Umarbek Sharipovlar ham monitoringda faol ishtirok etmoqdalar. Jumladan, ular tomonidan Xonqa tumanida oʻrganish davomida “Xorazm tex” MCHJ klasteri tasarrufida boʻlgan 10 ming 65 gektar paxta maydoniga 20150 nafar terimchi jalb etilganligi, shundan 13110 nafari aholi va 7040 nafari klaster hamda fermer xoʻjaliklari ishchilari ekanligi aniqlandi. Ularga qulay boʻlishi uchun 3 mahal issiq ovqat, madaniy hordiq chiqarish uchun sharoitlar yaratilgan. Antiseptik vositalar va tibbiy niqoblar ham yetkazib berilmoqda. Shuningdek, zarur hollarda tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Har kuni belgilangan vaqtda terimchilar avtobuslarda dalalarga olib borilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Shuhrat Choʻlliyev rahbarligidagi ishchi guruh esa Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor va Nishon tumanlarida terim jarayonlarini oʻrganmoqda. Shunisi eʼtiborliki, joylarda terimchilar ish haqini oʻz vaqtida toʻlash masalasi toʻliq hal qilingan. Jumladan, birinchi terimda har bir kilogramm qoʻlda terilgan paxta uchun 1000 soʻmdan, ikkinchi terimga 1400 soʻmdan toʻlanishi belgilangan. Bank muassasalari vakillari tomonidan mehnat haqi har kuni dalaning oʻzida naqd shaklda toʻlanmoqda. Bu – muhim jihat, chunki terimchilarning koʻpchiligi “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning aʼzolari boʻlganligi bois, ularga kundalik maosh toʻlash masalasi nazoratga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?