Senatorlar YEXHT Parlament Assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etmoqda

13:01 21 Fevral 2020 Siyosat
197 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi YEXHT Parlament Assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Delegatsiya tashrifi doirasida Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan Vena diplomatiya akademiyasida ushbu shaharda joylashgan xalqaro tashkilotlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtlarimiz, shuningdek poytaxtning yetakchi universitetlarida taʼlim olayotgan Oʻzbekiston talabalari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Vatandoshlarimiz eʼtiboriga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilangan asosiy qoidalar havola etildi. 2020-yil “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishiga muvofiq ishlab chiqilayotgan davlat dasturiga ham urgʻu berildi.

Yoshlarning taʼlim olishi, ishga joylashishi va umuman har tomonlama kamol topishida ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish doirasida Oʻzbekiston Hukumati tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, “Yuksalish” umummilliy harakati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasining samarali faoliyati qayd etildi.

Bahs-munozara shaklida oʻtgan uchrashuvda hamyurtlarimiz oʻzlarini qiziqtirgan dolzarb savollarga javob oldilar. Shuningdek ular Vena shahridagi oʻzbek mutaxassislari va talabalarining Oʻzbekiston rivojiga hissa qoʻshishi mumkinligi haqidagi oʻz taklif va fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat siyosatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori va “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila aʼzolarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish choralari toʻgʻrisida”gi Farmonining asosiy qoidalari bilan tanishtirildi.

Uchrashuvda qatnashgan koʻplab talabalar oliy maʼlumot olgach Vataniga qaytish istagini va Oʻzbekiston ravnaqiga munosib hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?