Senatorlar Bosh vazirga parlament soʻrovini yuborishga qaror qilishdi

13:55 04 May 2019 Siyosat
385 0

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Z.Nizamxodjayev Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda 
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash masalalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovga parlament soʻrovini yuborish yuzasidan maʼruza qildi.

Unda taʼkidlanishicha, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgan bir paytda, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, realizatsiya qilish, shuningdek, umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi koʻplab tadbirkorlik subyektlari tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena talablariga rioya qilmaslik holatlari kuzatilmoqda.

Oqibatda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan mahsulotlar aholi isteʼmoliga chiqarilmoqda va tadbirkorlik subyektlarining faoliyatida antisanitariya holatlari yuzaga kelyapti.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi maʼlumotlariga koʻra, 2017–2018 yillarda 114 ta holatda 1190 nafar fuqaro, shundan 222 nafari bolalar ovqatdan zaharlanib, 9 nafari vafot etgan.

Uyushgan jamoalarda guruhli ovqatdan zaharlanish 2017 yilda 8 ta, 2018 yilda esa 7 ta holatda qayd etilgan. Shulardan 4 tasi maktabgacha taʼlim muassasalarida roʻy berib, 73 nafar bola “Oʻtkir diareya, dizenteriya” infeksion kasalligi tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Qonunchilikka binoan, sanitariya-epidemiologiya xizmati mansabdor shaxslari yuqumli va parazitar kasalliklar manbai boʻlgan, shuningdek tibbiy koʻriklardan oʻz vaqtida oʻtmagan shaxslarni vaqtincha ishdan chetlashtirish toʻgʻrisida ish beruvchilarga takliflar kiritishi lozim.

Bu borada, soʻnggi ikki yilda jami 102 044 ta umumiy ovqatlanish va oziq-ovqat savdo obyektlaridagi xodimlarning tibbiy koʻrik daftarchalari monitoring qilinganda 54062 nafar ishchi tibbiy koʻrikdan oʻtmaganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari vaqti-vaqti bilan zararsizlantirish (suvarak, pashsha va boshqa shu kabi hashoratlarga qarshi kurashish) tadbirlarini oʻtkazish, buning uchun xoʻjalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyalari bilan shartnoma tuzishi talab etilsa-da, tadbirkorlar tomonidan ushbu masalaga umuman eʼtiborsizlik bilan qaralmoqda.

Shu bilan birga, respublikamiz dehqon bozorlarining sanitariya-epidemiologik holati ham talab darajasida emas.

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda respublikada jami 298 ta dexqon bozorining 262 tasi doimiy ravishda faoliyat koʻrsatadi.

Jumladan, aksariyat dehqon bozorlari ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanmagan, ularda savdo rastalari yetishmaydi, tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun maxsus rastalar va sharoitlar yaratilmagan. Veterinariya-sanitariya laboratoriyalari tashkil etilmagan, chiqindilarni yigʻish uchun maxsus joylar ajratilmagan, hojatxonalar talabga javob bermaydi.

Shuningdek, dehqon bozorlarida sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan, bozor hududining ochiq maydonlarida yoki uy sharoitida tayyorlangan taomlar bilan savdo qilish amaliyoti tobora avj olib bormoqda.

Misol uchun, 2018 yilda Samarqand shahridagi “Tabiat saxovati” dehqon bozori yonida joylashgan noqonuniy savdo shoxobchasidan uy sharoitida tayyorlangan mayonez qoʻshilgan “xot-dog”ni isteʼmol qilgan 39 nafar, Namangan viloyatidagi Kosonsoy tuman dehqon bozoridan harid qilingan xasip taomidan isteʼmol qilgan 134 nafar fuqaroda kuchli zaharlanish yuzaga kelgan.

Umuman olganda, amaldagi qonunchilikka muvofiq yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻzlarining faoliyati bilan bogʻliq aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash borasida yuklatilgan majburiyatlarni toʻlaqonli bajarmayaptilar.

Tahlillardan kelib chiqib, barcha, shu jumladan, xususiy tadbirkorlik subyektlariga tegishli oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish joylarida ham davlat sanitariya nazoratini istalgan vaqtda, hech qanday moneliksiz, moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda oʻtkazish huquqini berish masalasini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz, dedi senator.

Senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash masalalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament soʻrovini yuborishga qaror qilishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?