Senatorlar 2019 yilgi Davlat byudjetini maʼqulladi

12:28 13 Dekabr 2018 Jamiyat
543 0

Foto: X.Paydoyev / Xalq soʻzi

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”/Toshkent. Ayni paytda Senatning 17 yalpi majlisi ish olib bormoqda. Kun tartibiga qoʻyilgan birinchi masala “Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari” toʻgʻrisida boʻldi.

Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov masala yuzasidan chiqish qildi. 

Foto: X.Paydoyev / Xalq soʻzi

Unda taʼkidlanishicha, 2019 yilgi Davlat byudjeti, byudjet va soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari Harakatlar strategiyasiga muvofiq qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida nazarda tutilgan vazifalar asosida ishlab chiqilgan.

Kelgusi yilda Davlat byudjeti daromadlari, davlat maqsadli jamgʻarmalarini hisobga olmagan holda, 102 trln. 627 mlrd soʻmni, xarajatlari esa 107,1 trln. soʻmni tashkil etadi.

Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari joriy yildan farqli ravishda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1 foiz miqdorida defitsit bilan yakunlanishi belgilangan.

Davlat byudjeti joylarda tadbirkorlik va biznes yuritishda mavjud boʻlgan muammolarni bartaraf etish, ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarni manzilligini oshirish hisobga olingan holda tuzilganligi bilan muhimdir.

2019 yilgi Davlat byudjeti daromadlariga kelib tushishi rejalashtirilayotgan qoʻshimcha daromadlar jami daromadlarining 2018 yil Davlat byudjeti daromadlaridan 28,2 trln. soʻmga yoki qabul qilinayotgan byudjetga nisbatan 27,5 foizga ortiq boʻlishi rejalashtirilgan.

Kun tartibiga qoʻyilgan masala yuzasidan senatorlarning munosabatlari tinglandi va “Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari” senatorlar tomonidan tasdiqlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?