Senator: “Vazirlar Mahkamasi nega jim?”

16:14 17 Iyul 2018 Siyosat
822 1
Foto: korrespondent.uz

Oliy Majlis Senati a’zosi, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxodjayev “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga Senat tomonidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan murojaatga haligacha javob berilmaganini tanqid qilib o‘tdi. Quyida Senatorning “Feysbuk”dagi sahifasida e’lon qilingan mazkur munosabatini to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz:

«Xabaringiz bo‘lsa, 2018 yilning 14 iyunida biz Vazirlar Mahkamasining 2017 yilning 4 sentyabridagi “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 693-son qarori xususidagi o‘z fikr-mulohazalarimizni Feysbukdagi rasmiy sahifamizga joylashtirgan edik, shuningdek qator ommabop saytlarda ham uning mazmuni keng yoritildi.

Shu bilan bir vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli murojaat yuborilib, unda joylardagi o‘rganishlarda, internet tarmoqlarida, aholi bilan muloqotlar va hamyurtlarimizning murojaatlarida yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish borasida o‘rnatilgan tartibning ijrosi bilan bog‘liq qator muammolar ko‘tarilgandi.

Yuqoridagi va mavzuga oid keyingi qarorlarda bugungi kunda yurtimizda ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritayotgan 303.300 yuridik shaxs va 152.689 fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ulardagi avtotransport vositalari haydovchi vazifasida ishlovchi shaxslardan tashqari rahbarlari yoki xodimlari tomonidan ham haydovchilik guvohnomasi va ishonchnoma asosida boshqarilishi, avtotransportlardan tijorat va yuklarni tashish maqsadida foydalanilmasligi hisobga olinmagan.

Qolaversa, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar ikki yilda bir marta malaka oshirishga majburligi belgilangan bo‘lib, yo‘l harakati qoidalari tez va muntazam o‘zgarmasligini inobatga olganda, malaka oshirish uchun qisqa muddat, ya’ni ikki yil belgilanganligi bayon etilgandi.

Qo‘mitamiz tomonidan Vazirlar Mahkamasiga xat orqali ushbu murojaat yo‘llanganiga ham roppa-rosa bir oy bo‘ldi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 19-moddasiga muvofiq, bu vaqt mobaynida Hukumat tomonidan birning murojaatimiz o‘rganib chiqilib, u bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim edi. Biroq, shu paytgacha bizga bu borada na yozma, na og‘zaki tarzda javob kelmadi. Vaholanki, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida hamda qator ommabop saytlarda joylashtirilgan yuqoridagi fikr-mulohazalarimiz foydalanuvchilar orasida katta qiziqish uyg‘otdi va to‘laligicha qo‘llab-quvvatlandi. Shuning o‘zi yurtdoshlarimizning ushbu mavzu ularning manfaatlariga bevosita daxldorligidan dalolat berib turibdi.

Fermerlar dalada ayni ish avj olgan bir paytda yig‘im-terim chog‘larida malaka oshiraman deb boy bergan vaqti bebaho ekanligi haqidagi fikr-mulohazalar minglab kishilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, haydovchilar malaka oshirish tizimini qayta ko‘rib chiqib, ma’lum muddatda (lekin ikki yilda emas, chunki yo‘l harakati qoidalariga kamdan-kam hollarda o‘zgartish kiritiladi) malaka oshirishi shart bo‘lgan toifa shaxslarni aniq belgilash va ular doirasini obyektiv ravishda qisqartirish, bunda malaka oshirish kurslari uchun “Avtotest Report” MCHJga to‘lanadigan mablag‘ hajmini ham yuridik shaxslar faoliyat ko‘lami va yo‘nalishidan kelib chiqib tabaqalashtirish xususida ko‘plab fikrlar bildirildi.

Biroq, rasmiy murojaatnoma yo‘llanganiga va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada qizg‘in bahs-munozaralar davom etayotganiga qaramay, Vazirlar Mahkamasi hamon sukut saqlamoqda...», deydi Senator.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?